"Barselona" prezidenti: "Real"ning bu ishi meni hayron qoldirdi...

Ispaniya Superkubogi finalidan keyin «Barselona» prezidenti Joan Laporta «Real» futbolchilarining xatti-harakatidan ochiqcha hayratda qoldi. Kataloniya grandi keskin va dramatik bahsda «qirollik klubi»ni 3:2 hisobida mag‘lub etib, navbatdagi sovrinni qo‘lga kiritdi.
Ma’lum bo‘lishicha, taqdirlash marosimi chog‘ida «Real» futbolchilari g‘olib jamoa uchun chempionlik koridorini tashkil etmagan. Ayrim manbalarga ko‘ra, Kilian Mbappe jamoadoshlariga «Barselona» sharafi uchun yo‘lak ochmaslikni maslahat qilgan. Bu holat Laportaning keskin munosabatiga sabab bo‘ldi.
E’tiborli jihati shundaki, finalga qadar «Barselona» futbolchilari turnirda ikkinchi o‘rinni olgan «Real»ga nisbatan faxriy yo‘lak tashkil etishgan edi. Bu esa Laportaning fikricha, futboldagi odob-axloq va o‘zaro hurmat namunasi hisoblanadi.
— Biz maydonda raqibdan ancha ustun edik. Agar imkoniyatlardan yaxshiroq foydalanganimizda, hisob yanada yirik bo‘lishi mumkin edi. Rostini aytsam, o‘yin davomida raqibni o‘n ballik shkalada olti yarim darajada qiynalgan deb baholayman, — dedi «Barselona» prezidenti.
Laporta o‘yin nazorati masalasiga ham alohida to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, «Barselona» butun uchrashuv davomida tashabbusni qo‘ldan bermagan. — Biz o‘yinni boshqarib turdik, bu esa jamoaga xotirjamlik bag‘ishladi. Albatta, «Real» har qanday qarshi hujumda xavf solishi mumkin, lekin bugun ssenariy biz istagandek kechdi. Bu idealga yaqin o‘yin bo‘ldi, — dedi u.
Prezident eng asosiy masala — hurmat tamoyili ekanini uqtirdi. — Yutasizmi yoki yutqazasizmi, raqibga nisbatan hurmat saqlanishi shart. Biz maydonda ham, undan tashqarida ham madaniyatli bo‘ldik va g‘alabani sharaf bilan qo‘lga kiritdik, — deya qo‘shimcha qildi Laporta.
Shuningdek, u «Santyago Bernabeu»dagi avvalgi uchrashuvdan keyin (1:2) «Real» futbolchilarining asabiy holati saqlanib qolgan bo‘lishi mumkinligini ham ta’kidladi. — O‘sha mag‘lubiyatdan keyin ularning jahli chiqqan edi. Ammo biz futbolchilarimiz o‘zlarini juda professional tutishganini ko‘rdik. Ehtimol, «Barsa»ning g‘alaba qozonish ehtimoli yuqori ekanini oldindan his qilishgan, — dedi klub rahbari.
Qisqasi, final nafaqat maydonda, balki maydon tashqarisida ham katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. «Barselona» esa navbatdagi sovrinni olish bilan birga, o‘z qadriyatlariga sodiq qolganini yana bir bor namoyon etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!