Prezidentning madaniyat bo‘yicha yangi vakili kimligi ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoniga muvofiq, Hasan Ravshanovich Solihov Prezidentning madaniyat masalalari bo‘yicha vakili lavozimiga tayinlandi.
Mazkur lavozimda ishlab kelgan G‘iyosiddin Rejabov esa boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan vazifasidan ozod etildi. U Prezidentning madaniyat masalalari bo‘yicha vakili sifatida joriy yilning 29 aprel kuni faoliyatini boshlagan edi. Unga qadar Prezident administratsiyasining Kreativ iqtisodiyot va turizm departamentida shu’ba mudiri sifatida mehnat qilgan.
Yangi tayinlangan Hasan Solihov so‘nggi vaqtlarda Kreativ industriya parkiga rahbarlik qilib kelgan. U 1987 yil 28 mart kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan.
Hasan Solihov 2004 yilda Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabini ansambl artisti mutaxassisligi bo‘yicha, 2008 yilda esa Mannon Uyg‘ur nomidagi Toshkent davlat san’at institutini drama teatri va kino aktyori yo‘nalishi bo‘yicha muvaffaqiyatli tamomlagan.
U mehnat faoliyatini 2006 yilda O‘zbekiston Yoshlar teatrida boshlagan. Shuningdek, Hasan Solihov ArtCraft Production prodakshn kompaniyasi asoschisi sifatida ham tanilgan.
Ushbu tayinlov mamlakat madaniyat sohasidagi boshqaruv tizimidagi navbatdagi muhim kadrlar o‘zgarishi sifatida baholanmoqda.






























Izohlar 0
…