Haydarov va Karimovdan qat’iy signal: chempionlikni ko‘zlayapmiz...

U-23 Osiyo Kubogi guruh bosqichida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi yana bir bor xarakter ko‘rsatdi. Janubiy Koreya ustidan qo‘lga kiritilgan g‘alaba jamoaga nafaqat uch ochko, balki guruhni birinchi o‘rinda yakunlash va pley-off yo‘llanmasini ham ta’minladi. Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida bosh murabbiy Ravshan Haydarov va o‘yinning eng yaxshi futbolchisi Behruz Karimov fikrlarini ochiq aytdi — maqsad katta, yo‘l esa endi qiziydi.
Haydarov: “Bu faqat birinchi qadam”
Ravshan Haydarov jamoaning o‘yini va natijasini yuqori baholab, eng avvalo g‘alaba bilan muxlislarni tabrikladi. Uning ta’kidlashicha, bu bahsda eng muhim jihat — futbolchilar tayyorlangan rejani deyarli mukammal bajargani.
Murabbiyning aytishicha, birinchi bo‘limda raqib to‘pni ko‘proq nazorat qilgan, ammo O‘zbekiston jamoasi sabr, matonat va aql bilan o‘ynab, ikkinchi taymda tashabbusni o‘z qo‘liga olgan. Natija ham aynan shu taktik intizomning mevasi bo‘ldi.
— Guruhdan chiqish — bu faqat boshlanishi, — dedi Haydarov. — Endi haqiqiy imtihon, ya’ni pley-off uchrashuvlari start oladi. Raqibni ertaga bilib olamiz, lekin har bahsda kuchayib borishga harakat qilamiz.
Shuningdek, murabbiy jamoada raqobat yaxshi ekanini, zaxirada ham tayyor va sifatli ijrochilar borligini aytib o‘tdi. Rotatsiyalar bo‘lishi mumkin, chunki musobaqa tempi baland, yo‘l esa uzun.
Haydarovning asosiy xulosasi bitta: jamoa o‘yinni tushunsa, strategiyaga amal qilsa va individual mahoratni to‘g‘ri paytda qo‘shsa — katta natija keladi. Va u yigitlar hali yana o‘sishiga ishonadi.
— Bugun eng muhimi — futbolchilarimiz o‘yin rejasi va strategiyaga to‘liq amal qilishdi. O‘yinni tushunib, individual mahoratni qo‘shgan holda natijaga erishamiz. Yigitlar hali yanada o‘sadi. Maqsadimiz aniq — nasib qilsa, chempionlik uchun kurashamiz, - dedi Haydarov.
Karimov: “Biz bu yerga turist emasmiz”
Matbuot anjumanida o‘yinning eng yaxshi futbolchisi Behruz Karimov ham juda aniq pozitsiya bildirdi. Uning gaplari oddiy motivatsiya emas — “yo‘l xaritasi”ga o‘xshadi.
— Biz bu musobaqaga shunchaki qatnashish uchun kelmadik. Yoshimiz kichik bo‘lishi mumkin, lekin bu bahona emas. Maqsadimiz — chempionlik. Har o‘yin biz uchun final kabi, — dedi Karimov.
Bu fikrlardan bir narsa seziladi: jamoada ruh baland, ishonch kuchli, maqsad esa konkret. Guruhdan birinchi bo‘lib chiqish — “plyus moral”, ammo hech kim o‘zini aldamayapti: eng qiyin qism hali oldinda.
Endi nima bo‘ladi?
Endi O‘zbekiston U-23 termasi pley-offda raqibini kutadi. U yerda “xato qilish limiti” nolga yaqin: bir o‘yin — hammasini hal qiladi. Lekin Haydarov aytganidek, jamoa o‘yindan o‘yinga kuchaysa, Karimov aytganidek, har bahsni finalday qabul qilsa — bu tarkibdan katta narsa kutish mumkin.
Qisqasi, “guruhdan chiqdik” degan gap bu yerda faqat start. Endi haqiqiy serial boshlanyapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!