date

Top-20: “Manchester Siti”da qaysi futbolchi qancha maosh oladi?

Top-20: “Manchester Siti”da qaysi futbolchi qancha maosh oladi?

“Manchester Siti” qishki transferlar oynasida yana bir bor jiddiy qadam tashladi. “Shaharliklar” avval hujum chizig‘ini “Bornmut”dan Antuan Semeno bilan boyitgan bo‘lsa, ortidan markaziy himoyaga “Kristal Pelas”ning yetakchisi Mark Gexini olib keldi. Tabiiyki, bunday xaridlardan keyin OAVning birinchi savoli bitta: yangi futbolchiga “Siti” qancha to‘layapti?

Angliya futboli haqida yozayotgan manbalar aynan shu jihatga e’tibor qaratdi. Xususan, transfermarkt.world portali “Manchester Siti”da eng katta maosh olayotgan futbolchilarning top-20 ro‘yxatini e’lon qildi.

Reyting tepasida, kutilganidek, Erling Xoland turibdi. O‘tgan yili shartnomasini 2034-yilning yarmigacha uzaytirgan norvegiyalik to‘purar klubdan yiliga 31,5 million yevro daromad olayotgani qayd etildi. Qisqasi, “Siti”dagi maosh piramidasining cho‘qqisi hali ham Xoland nomi bilan bog‘liq.

Mark Gexi esa Manchesterga kelishi bilanoq ikkinchi pog‘onaga chiqdi. “Shaharliklar” liganing eng ishonchli markaziy himoyachilaridan biri sifatida ko‘rilayotgan futbolchini ko‘ndirish uchun yiliga 18 million yevro to‘lashga tayyor bo‘lgan.

Qizig‘i, jamoa sardori Bernardu Silva ham ayni paytda xuddi shu — 18 million yevro miqdorida moyana olyapti. Ammo portugaliyalik yulduzning shartnomasi 30 iyun kuni tugashi aytilmoqda. Agar yangi kelishuv tuzilsa, keyingi maoshi bu darajada baland bo‘lmasligi ham ehtimol sifatida tilga olingan.

Reytingda to‘rtinchi o‘rindan joy olgan futbolchi — misrlik hujumchi Umar Marmush. Uning yillik maoshi 17,7 million yevro deb baholangan.

Keyingi qatorda darvozabon Janluiji Donnarumma hamda tajribali markaziy himoyachilar — Jon Stounz va Ruben Diash turibdi: ularning har biri bir mavsum uchun 15 million yevrodan ishlab topadi.

O‘rta qatlamdagi “qadrlilar” ham kam emas: Tijani Reynders — 13,8, Fil Foden — 13,5, Rodri — 13,2 million yevro. Yoshko Gvardiolga 12 million yevro to‘lanishi, Rayan Sherkining maoshi 10,8 million yevro ekani ham qayd etilgan.

Zaxirada ko‘proq ko‘rinayotgan Natan Ake 9,6 million yevro olayotgani uchun ham jamoadan ketishga shoshilmayotgani haqida fikrlar keltirilgan. Antuan Semeno esa muzokaralarda har mavsum uchun 9 million yevroga ko‘ngan — bu uning avvalgi klubidagi shartlardan ancha “shirinroq” raqam. Shu bilan birga, joriy mavsumda hali maydonga tushmagan Mateo Kovachich va Kelvin Fillips ham yiliga 9 million yevrodan maosh oladi.

Reyting quyi pog‘onalarida Mateush Nunesh (7,8 mln), Rayan Ayt-Nuri (7,2 mln), bu mavsum hali maydonga tushmagan Shtefan Ortega (5,4 mln) va asosiy tarkibdagi o‘rni “qimirlab” qolgan Savio (4,8 mln) keltirilgan.

Eng ko‘p muhokama bo‘lgan nuqta esa — O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanovning top-20 ro‘yxatidan o‘rin olmagani. Ommaviy axborot vositalarida 21 yoshli himoyachining “Manchester Siti”dagi yillik maoshi taxminan 3,5 million yevro atrofida ekani haqida ma’lumotlar tarqalgan. Demak, aynan shu sababli Husanov katta maosh oluvchilar ro‘yxatidan chetda qolgan.

Lekin futbolda bir narsa aniq: maosh — status, o‘yin esa — obro‘. Agar Husanov maydonda hozirgi tempda o‘sishda davom etsa, keyingi shartnoma muzokaralarida raqamlar ham “o‘zi” ko‘tarilishi mumkin. “Siti”da esa bunday imkoniyatlar bor: ishonchni olasan — navbatdagi bosqich avtomat ravishda ochiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Top-20: “Manchester Siti”da qaysi futbolchi qancha maosh oladi?