Infantino Senegal futbolchilarining noroziligini keskin tanqid qildi

Afrika millatlar kubogi finali atrofidagi bahsli lahzalar haligacha futbol jamoatchiligida qizg‘in muhokama qilinmoqda. Endi esa ushbu voqeaga FIFA prezidenti Janni Infantino ham munosabat bildirib, Senegal milliy jamoasi a’zolarining harakatlarini qattiq tanqid qildi.
«Biz senegallik ba’zi futbolchilar va texnik personal a’zolarining harakatlarini keskin qoralaymiz. Maydondan bu kabi chiqib ketib bo‘lmaydi», — dedi Infantino.
FIFA rahbari bu bilan cheklanib qolmadi: u Afrika futbol konfederatsiyasi (CAF) tegishli idoralari masalaga rasmiy tarzda e’tibor qaratishi va zarur choralar ko‘rishi lozimligini ham alohida ta’kidladi.
Nima bo‘lgan edi?
Avvaliga, 92-daqiqada senegalliklar gol urishgandi, ammo gol bekor qilindi: burchak zarbasidan keyin darvozani ishg‘ol etishidan oldin Abdulaye Sek to‘p uchun kurashda Ashraf Hakimini turtib yuborgan deb topildi.

96-daqiqada esa Braim Dias raqib jarima maydonida burchak zarbasidan keyin Diuf bilan to‘p uchun kurashda gazonga yiqildi. VAR referini monitor qarshisiga chorladi va hakamlar takroriy lavhani yana ko‘rib chiqib, Senegal darvozasi tomon penalti belgilashdi.

Aynan shu qarordan keyin Senegal bosh murabbiyi Pap Tyav norozilik belgisi sifatida futbolchilarni maydondan olib chiqib ketdi. Manbalarga ko‘ra, taxminan 15 daqiqadan so‘ng jamoa yana maydonga qaytdi va o‘yin davom ettirildi.
Eng dramatik lahzalardan biri penalti epizodida kuzatildi: Braim Diasning 11 metrli zarbasidan keyin darvozabon Eduar Mendi to‘pni ishonchli tarzda ushlab qoldi. Asosiy vaqt 0:0 hisobida yakunlangach, hal qiluvchi so‘z qo‘shimcha bo‘limlarga qoldi.
Qo‘shimcha vaqtda esa Papa Geyening uzoq masofadan yo‘llagan aniq zarbasi final taqdirini hal qildi. Shu tariqa Senegal 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, musobaqada ikkinchi bor chempion bo‘ldi. Ular ilk marta Afrika millatlar kubogini 2021-yilda qo‘lga kiritgan edi.
Endi diqqat markazida bitta savol: CAF bu epizodlar bo‘yicha qanday qaror chiqaradi? Final maydonda ham, maydon tashqarisida ham katta bosim va hissiyotlar sinovi bo‘lgani aniq, ammo Infantino aytganidek, bunday namoyishkorona chiqib ketish futbol uchun xavfli pretsedentga aylanib qolmasligi kerak.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!