date

Eldor Shomurodov "Istanbul Bashakshehir"ni tanlash sababini ochiq aytdi

Eldor Shomurodov "Istanbul Bashakshehir"ni tanlash sababini ochiq aytdi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov Italiya A Seriyasidagi faoliyatidan keyin nima uchun Turkiya Superligasiga yo‘l olgani va nega aynan «Istanbul Bashakshehir» variantini tanlaganini izohlab berdi. 30 yoshli legionerimizning ta’kidlashicha, bu qarorning markazida bir narsa turgan — ko‘proq o‘yin amaliyoti va o‘zini to‘liq ko‘rsata oladigan muhit.

Eldorning aytishicha, u yangi klub tanlashda boshqalarga qarab ikkilanmagan, aksincha, aniq bir maqsad bilan harakat qilgan.

«Men “Istanbul Bashakshehir”ni ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun tanlaganman. Murabbiylar shtabi va jamoaning o‘yin uslubi menda juda katta taassurot qoldirdi. Hozir men faqat “Istanbul Bashakshehir” haqida o‘ylayapman. Ligadagi boshqa hech bir jamoa variantini ko‘rib chiqmadim», — dedi futbolchi.

Bu so‘zlar Shomurodovning qarori tasodifiy emasligini ko‘rsatadi. U uchun muhim jihat — ishonch, maydonga tushish imkoniyati va o‘ziga mos o‘yin tartibi. Demak, u “qulay shartnoma” izlab emas, natija qilish uchun kurashadigan joyni topgan.

Ma’lumot o‘rnida, Shomurodov o‘tgan yozda «Roma»dan «Istanbul Bashakshehir»ga ijara asosida ko‘chib o‘tgan edi. Bitim qiymati 3 million yevro deb baholangan, shu bilan birga turk klubi uni keyin to‘liq sotib olish huquqini ham olgan.

Eng qizig‘i, bu transfer hozircha o‘zini to‘liq oqlayapti. Eldor Turkiya Superligasida 18 ta o‘yin o‘tkazib, 13 bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi va to‘purarlar poygasida peshqadam bo‘lib turibdi. U hatto yulduz hujumchi Viktor Osimxenni ham ortda qoldirgan: nigeriyalik forvardda hozircha 6 ta gol bor.

Shu holatning o‘zi hammasiga javob: Shomurodov «nega ketding?» degan savolga maydonda gol bilan javob beryapti. Endilikda muxlislar uchun asosiy intriga — Eldor shu sur’atni saqlab qoladimi va “Oltin butsa”gacha borib yeta oladimi. Turkiya sahnasini tanlagan legionerimiz hozircha bu ligaga “kelib-ketgan” emas, balki uning bosh qahramoni bo‘lib turibdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodov "Istanbul Bashakshehir"ni tanlash sababini ochiq aytdi