Fayzullayev va Shomurodov gol urdi: "Bashakshehir"dan yirik g‘alaba (video)

Turkiya kubogining 3-bosqichidagi «Karagyumryuk» — «Bashakshehir» to‘qnashuvi muxlislar uchun haqiqiy shouga aylandi. Uchrashuv hali davom etayotgan paytning o‘zidayoq eng ko‘p muhokama qilinayotgan jihat — hamyurtlarimiz Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayevning asosiy tarkibda tushib, jamoasining yirik g‘alabasiga bevosita hissa qo‘shayotgani bo‘ldi.
Uchinchi daqiqalardanoq «Bashakshehir» o‘yinni qattiq ushlab oldi. 7-daqiqada Abbosbek Fayzullayev jamoasining birinchi golini urib, hisobni ochdi. Bu gol maydondagi sur’atni ham, raqibning ruhiy holatini ham sezilarli o‘zgartirib yubordi: «Karagyumryuk» hali o‘ziga kelib ulgurmasidan «Bashakshehir» yana bosimni oshirdi.
22-daqiqada esa navbat Eldor Shomurodovga keldi — hamyurtimiz jamoasining ikkinchi golini kiritib, hisobni 0:2 ko‘rinishiga olib chiqdi. Ikki o‘zbek futbolchisining ketma-ket gollari Istanbul klubi uchun ideal start bo‘ldi.
Biroq quvonchga aralash xavotir ham paydo bo‘ldi: oradan to‘rt daqiqa o‘tib, Shomurodov kichik jarohat sabab maydonni tark etishga majbur bo‘ldi. Shu epizod o‘yin kayfiyatiga ta’sir qilgan bo‘lsa-da, «Bashakshehir» umumiy nazoratni qo‘ldan chiqarmadi.
Ikkinchi bo‘limning 5-daqiqasida Migel Krespo oradagi farqni uchtaga yetkazdi. 65-daqiqada Ivan Brnich yana bir gol urib, hisobni yiriklashtirdi — 4:0. 79-daqiqada «Karagyumryuk» futbolchisi Kone hisobni bittaga qisqartirdi, ammo o‘yin oxirigacha tabloda boshqa o‘zgarish bo‘lmadi. Shunday qilib, «Bashakshehir» 4:1 hisobida ishonchli zafar quchdi va uch ochkoni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.
Qisqasi, bu bahs o‘zbek muxlislari uchun alohida kayfiyat berdi: Fayzullayev tezkor gol bilan startni yoritib berdi, Shomurodov esa o‘zining to‘purarlik hissini yana bir bor ko‘rsatdi. Endi eng asosiysi — Eldorning jarohati jiddiy bo‘lmasin. Muxlislar kutayotgani ham shu: maydonda hamyurtlarimiz ko‘proq, gollar esa yanada ko‘p bo‘lsin.
Turkiya kubogi
3-bosqich
«Karagyumryuk» — «Bashakshehir» 1:4
«Istanbul Bashakshehir»: 80.Dogan, 6.Onur Bulut, 5.Duarte, 27.Usseynu Ba, 20.Umut Gunesh, 11.Abbosbek Fayzullayev, 14.Eldor Shomurodov, 77.Ivan Brnich, 91.Yildirim Bertug.
Zaxira: Volkan, 3.Jerom Opoku, Shahiner, Yusuf, Kemen, Zelke, Kaluzinski, Harit, Ebosele, Hamza, Krespo.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!