Fabio Kannavaro: "Mundialda faqatgina yutamiz, hech narsa yo‘qotmaymiz"

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro jahon chempionatiga tayyorgarlik, muammo va kamchiliklar, raqiblar hamda boshqa masalalar borasida o‘z fikrlarini bildirdi.
– Siz futbolchi sifatida jahon chempionatida ishtirok etgansiz. Endi esa murabbiy sifatida O‘zbekiston bilan mundialga boryapsiz. Murabbiy va futbolchi sifatida ishtirok etishdagi asosiy farq nimada?
– Yirik musobaqalarda murabbiy yoki futbolchi sifatida ishtirok etish butunlay boshqa narsa. Agar siz murabbiy bo‘lsangiz, faqat o‘zingiz haqingizda emas, butun jamoa haqida o‘ylashingiz kerak. Terma jamoada har kuni ham jamoa bilan birga bo‘la olmaysiz. Ularni doim bir yerga jamlay olmaysiz, chunki futbolchilar klublari safida ko‘proq vaqt o‘tkazishadi. Shuning uchun birinchi galda vaziyatga to‘g‘ri yechim topish kerak. Masalan, ular bilan uchrashish, gaplashish, ular sizning loyihangizning bir qismi ekanligini his qildirishingiz juda muhim.Masalan, biz Dubayda yig‘in o‘tkazyapmiz. Lekin aksariyat futbolchilarimiz o‘z klublari safida. Shunga qaramay, men har biriga qo‘ng‘iroq qilishga, gaplashishga, aloqada bo‘lishga harakat qilaman. Ha, albatta, bu oson emas. Lekin shuni tushunishimiz kerak: biz Jahon chempionatida ishtirok etamiz. Shu sababli barchasi juda muhim.
– O‘zbekiston o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatida qatnashmoqda. Bu siz uchun qanday mas’uliyat va motivatsiya beradi?
– Bilasizmi, ilk Jahon chempionati bu – avvalo katta tajriba. Futbolchilar uchun ham, jamoa uchun ham katta imkoniyat. Muxlislar ham unda o‘z jamoasidan yaxshi natijalar kutadi. Chunki bu o‘z nomi bilan jahon chempionati. Mundialda debyut qilish, albatta, bu biz uchun yangi bosqich, yangi tajriba. Bu yerda biz o‘rganishimiz, o‘sishimiz va tajriba olishimiz kerak bo‘lgan jihatlar ko‘p.Ha, albatta, kuchli terma jamoalarga qarshi maydonga tushamiz. Biz jahon chempionatidamiz va bu bizga katta tajriba beradi. Musobaqada ishtirok etish orqali faqatgina yutamiz. Ya’ni ulkan tajriba olamiz va hech narsa yo‘qotmaymiz. Shu sababli ham maydonga ishonch bilan tushishimiz, o‘yindan zavq olishimiz kerak. Lekin shu bilan birga bir narsani unutmasligimiz shart: biz hech qachon taslim bo‘lmasdan, oxirgi soniyagacha kurashishimiz shart. Bu mundial. Undan zavqlanishimiz, lekin shu bilan birga har bir daqiqada borimizni berib o‘ynashimiz kerak.
– O‘zbekiston milliy terma jamoasi haqida do‘stlaringiz, yurtdoshlaringiz va siz bilan bir davrda to‘p tepgan avlod vakillari qiziqib so‘rab turishadimi?
– Ha, bu mavzuda gaplashamiz, albatta. Chunki hozir hamma O‘zbekiston bilan qiziqyapti. Bilasiz, jahon chempionati nuqtayi nazaridan biz ko‘pchilik uchun yangi jamoamiz. Osiyoda assotsiatsiya o‘sib boryapti. Futbolchilar esa asta-sekin Yevropada o‘zini ko‘rsata boshladi. Bu albatta tabiiy jarayon. Shuning uchun O‘zbekiston futboliga qiziqish bor. Odamlar qiziqadi, savol beradi: qanday ishlayapsizlar, jarayon qanday yo‘lga qo‘yilgan? Bu oddiy holat, albatta, va bundan ajablanmayman.
– O‘zbekiston MTJni bir nechta uchrashuvda bosh murabbiy sifatida boshqarib bordingiz. Ushbu davr oralig‘ida jamoa haqida qanday taassurot paydo bo‘ldi va jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayonida eng muhim jihat nimada deb hisoblaysiz?
– Bilasizmi, eng muhimi – avvalgi murabbiylar qoldirgan tizimni, ularning ishlarini yo‘qotib qo‘ymasligimiz kerak. Shu poydevor saqlanib qolishi juda ham muhim. Lekin shu bilan birga biz rivojlanishga, ayrim kichik jihatlarni yaxshilashga harakat qilyapmiz. Balki bu o‘zgarishlar mayda tuyular, lekin maydonda ular katta ahamiyat kasb etadi. Men aniq bilaman, jamoada xarakter bor. Bizda jangchi xarakteridagi futbolchilar bor va bu menga juda yoqadi. Birga ishlashimiz, birga o‘ynashimiz, kerak bo‘lsa qiyinchiliklarga qarshi birga turishimiz kerak. Men uchun eng muhim narsalar shular. Ayni paytgacha o‘tkazgan har bir o‘yinimizda men shu ruhni ko‘rdim.Yana bir muhim jihat – futbolchilar maydonda qo‘rqmasdan o‘ynashi kerak. Men ularning futboldan zavq olishlarini, xato qilishdan qo‘rqmasliklarini xohlayman. Ular maydonda nimadir qilishga urinishi kerak. Agar biz faqat himoyalanish, "podbor" uchun kurash haqida o‘ylasak... Ha, bu ham kerak. Biz buni bilamiz. Kurashish shart. Ammo o‘yinni yutmoqchi bo‘lsak, albatta vaziyat yaratishimiz kerak. Nimadir qilishga, vaziyat yaratishga urinish uchun esa futbol o‘ynashdan qo‘rqmaslik kerak.
– Jahon chempionati – oddiy turnir emas. Futbolchilar bunday musobaqaga ruhiy jihatdan qay darajada tayyor bo‘lishi kerak?
– Bilasizmi, bu masalada individual yondashishga to‘g‘ri keladi. Tushuning, hamma futbolchi har xil. Hammaning organizmi, tayyorgarligi, mentaliteti boshqacha. Lekin hamma bitta narsani tushunishi kerak: biz may yoki iyunga kelib, shunchaki bitta tugmani bosish orqali tayyor bo‘lib qolmaymiz. Bunga vaqt va to‘g‘ri tayyorgarlik va munosabat kerak.Men futbolchilar bilan bu haqda gaplashdim. Bizda jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiylar bor, diyeta, to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha mutaxassislar bor. Umuman olganda, jamoada yaxshi mutaxassislar brigadasi ishlayapti. Shu sababli har bir futbolchi shuni anglab yetishi kerak: biz jahon chempionati haqida hozirdanoq o‘ylashni boshlashimiz shart. Chunki besh oydan keyin biz uchun nihoyatda muhim turnir boshlanadi.
– Jahon chempionati qur’a tashlash marosimida ishtirok etdingiz. Guruhimiz va ushbu uchrashuvlarga tayyorgarlik rejalari haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
– Ha, hammaga ma’lum, Kolumbiya, Portugaliya kabi jamoalarga qarshi o‘ynash – bu albatta oson bo‘lmaydi. Ular top terma jamoalar. Tarkibida top futbolchilar, yuqori saviyadagi o‘yinchilar bor. Shunday paytda, albatta, biroz hayajon bo‘lishi mumkin. Lekin shu bilan birga, biz ham o‘z imkoniyatimizni, kuchli tomonlarimizni bilamiz. Jahon chempionatida oson raqib yo‘q. Qur’ada ham bizga kuchli raqiblar tushdi. Hattoki, masalan, Kongo ham guruhimizga qo‘shilishi mumkin. Ularning aksariyat futbolchilari Angliya Premer-ligasida o‘ynaydi. Demak, bu ham oson bo‘ladi degani emas. Eng muhimi – biz tarix yaratyapmiz. Biz shu yerda ekanimizdan xursand bo‘lishimiz, faxrlanishimiz kerak. Shu bilan birga, mundialdan zavq ola bilishimiz, undan tajriba olishimiz zarur. Albatta, o‘z kuchimizga ham ishonamiz va maydonda nima bo‘lishini esa vaqt ko‘rsatadi.
– Siz 2006 yilgi jahon chempionatida terma jamoangiz bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritgansiz. O‘sha mundialdagi sardorlik va futbolchilik tajribangizdan qaysi jihatlar bugun murabbiy sifatida sizga asqotmoqda?
– Bilasizmi, eng muhimi – hammamizda bitta maqsad, bitta falsafa bo‘lishi kerak. Eng asosiysi – jamoa bir butun, bir oila bo‘lishi shart. Agar kimdir jahon chempionatiga borib, o‘yinni individual tarzda yutamiz deb o‘ylasa, bu imkonsiz. Bunday musobaqalarda asosiy narsa – jamoaviylik. Oddiy jamoa bilan top darajadagi jamoalar o‘rtasidagi asosiy farq ham mana shunda. Bir jamoa bo‘lish deganda, shunchaki o‘yindan oldin motivatsion nutq so‘zlash yoki o‘yin vaqtida bir-birini ruhlantirish degani emas. Yo‘q. Siz har doim, har qanday vaziyatda birga ishlash, qilayotgan ishiga, murabbiyning g‘oyasiga ishonish va umumiy orzu uchun harakat qilish degani. Men uchun eng muhim narsa aynan shu.
– Mart oyida FIFA Series turniri tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ushbu musobaqa borasidagi fikringiz.
– Ha, bu musobaqa jahon chempionatiga tayyorgarligimizning navbatdagi bosqichi bo‘ladi. Bu yig‘inda o‘yinimizga va tayyorgarlik rejamizga yangiliklar qo‘shishga harakat qilamiz. Lekin vaqt cheklanganligi tufayli juda ko‘p narsani o‘zgartirishga ulgurmasligimiz mumkin. Klub murabbiyi bilan terma jamoa murabbiyi o‘rtasidagi farq ham aslida mana shunda. Sizda atigi o‘n kun vaqt bo‘ladi. Va shu vaqt ichida jamoaga yordam beradigan eng kerakli narsalarni topib, futbolchilarga buni singdirishingiz kerak. Har safar ana shunday. Imkoniyat bo‘ldi deganda, biz jamoaga foyda beradigan detallarni qo‘shishga harakat qilamiz. Tayyorgarlik esa odatdagidek davom etadi.Biz Toshkentda, o‘z uyimizda, o‘z bazamizda yig‘in o‘tkazamiz. U yerda nafaqat maydondagi o‘yinni, balki jamoa atrofidagi barcha jarayonlarni ham yaxshilashga harakat qilamiz. Bizda maydonda bitta jamoa bor — bular futbolchilar. Lekin maydon tashqarisida ham yana bitta jamoa: murabbiylar shtabi, mutaxassislar, xodimlar mavjud. Ular har doim tayyor bo‘lishi, maydonga tushadigan jamoa bilan yelkama-yelka mehnat qilib borishi muhim.Men shunday hisoblayman: FIFA Series kabi turnirlar menga jamoani va o‘yinimizni tushunishga yordam beradi. Hatto xatolar orqali ham. Xato qilish muhim, chunki aynan xatolar orqali siz o‘sishga erishasiz. Oldinda bizni ikkita o‘yin kutyapti. O‘ylashimcha, kuchli jamoalarga qarshi haqiqiy raqobat bo‘ladi.
– Yanvar oyida terma jamoaga nomzod futbolchilar ishtirokida o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazildi. Ushbu yig‘inda asosiy e’tibor qaysi jihatlarga qaratildi va undan ko‘zlangan maqsad nimalardan iborat edi?
– Bu yig‘in men va shtabim uchun juda ham muhim bo‘ldi. So‘nggi to‘rt oy davomida biz ichki chempionat doirasidagi juda ko‘p o‘yinlarni kuzatdik. Ko‘proq futbolchilarni ko‘rdik va bu yig‘in ular bilan bevosita ishlash uchun imkoniyat yaratdi. Men har bir futbolchi bilan alohida gaplashdim. Chunki ularning fikrini ham bilishni istayman. Ularga oldimizda jahon chempionati ham, Osiyo kubogi ham borligini, demak, hamma tayyor bo‘lishi kerakligini tushuntirdim.Har bir futbolchi o‘zini milliy terma jamoa loyihasining bir qismi sifatida his qilishi zarur. Chunki futbolda hammasi tez o‘zgaradi. Ikki-uchta jarohat bo‘lishi hech gap emas. Masalan, hozir bir qator futbolchilarimiz afsuski jarohat olishdi. Shuning uchun ham futbolchilar jahon chempionatida qatnashish uchun hammada imkoniyat borligini tushunishlari kerak.Menimcha, bu yig‘in futbolchilar uchun juda ham foydali bo‘ldi. Men bu kabi yig‘inlarda natijani birinchi o‘ringa qo‘ymayman. Biz Xitoyga qarshi o‘yinni o‘tkazdik. Ha, xatolar bo‘ldi, lekin men futbolchilarning oxirgi soniyagacha taslim bo‘lmasdan kurashganini ko‘rdim. Aynan shu ruh jamoa uchun eng muhim narsa.
– Yaqinda U-23 terma jamoamizning o‘yinini kuzatish uchun Saudiya Arabistoniga ham tashrif buyurdingiz va yig‘inga uch nafar yosh futbolchi jalb etildi. Yosh futbolchilarni seleksiya qilishda asosiy e’tibor qaysi mezonlarga qaratiladi?
– Ha, men uchun ham eng muhimi aslida shu. Gap yoshda emas, sifatda. Futbolchining necha yoshga kirganini emas, uning iste’dodi, jangchi sifatidagi xarakteri muhim. Agar futbolchi 17 yoki 19 yoshda bo‘lsa-yu, tayyor bo‘lsa, demak u milliy jamoada bo‘lishi kerak. Nega uni shunchaki yoshi kichik deb U-20, U-23 jamoasida qoldirishimiz kerak? Agar qaysidir o‘yinni ko‘rgani borsam, bu shunchaki tashrif emas. Men futbolchini o‘z ko‘zim bilan, real vaziyatda, maydondagi harakatlarni ko‘rishni xohlayman. Chunki safarda bo‘lsam ham stadionlarga borishni yaxshi ko‘raman. O‘yinni jonli ko‘rishga hech narsa yetmaydi. Uyda o‘tirib, ketma-ket bir nechta videoni ko‘rish, rostini aytsam, men uchun zerikarli. Men stadionga borib, futbolchini bevosita kuzatishni avzal ko‘raman. Chunki ba’zida juda kichik detallar bo‘ladi va uni video orqali ko‘ra olmaysiz. Aynan o‘sha mayda jihatlar keyinchalik juda muhim bo‘lib chiqadi.
– O‘zbekiston futboli siz avval to‘p tepgan va murabbiy ishlagan mamlakatlar futbolidan qaysi jihatlari bilan farq qiladi?
– Ha, buni to‘liq solishtirib bo‘lmaydi. Lekin eng muhim jihatlardan biri – o‘yinning intensivligi. Intensivlilik deganda shunchaki maydonda yugurish nazarda tutilmaydi. Bu to‘g‘ri va aqlli pozitsiya olish, to‘g‘ri yugurish, o‘yinning yuqori tempiga jismonan va taktik jihatdan tayyor bo‘lish degani. Turli murabbiylarning falsafasi turlicha bo‘lishi tabiiy. Lekin futbolchilar terma jamoaga tayyor holatda kelishlari kerak. Ular jismonan, funksional jihatdan tayyor, 90 daqiqa yuqori tempda o‘ynashga qodir bo‘lishlari talab etiladi.
– Jahon chempionati – yosh futbolchilari uchun katta sahna. Ularga bosimni yengishga va o‘z imkoniyatlarini to‘liq namoyon etishda nimalarga e’tibor berish kerak?
– Ha, bitta narsa bor. Yoshlar hech kimga hech narsani isbotlashi shart emas. Eng muhimi o‘yindan zavq olishi kerak. Chunki siz kimgadir nimanidir isbotlashga majbur emassiz. O‘zingizni ko‘rsatishga uringaningizda sizda bosim paydo bo‘ladi va xato qilishingiz osonlashadi. Agar siz zavq bilan futbol o‘ynasangiz, erkinroq bo‘lasiz. Ha, siz xato qilishingiz mumkin, lekin o‘zingizni erkin his qilasiz va haqiqiy o‘yiningizni ko‘rsata olasiz. Men futbolchilardan doimo mana shuni talab qilaman.Futbol bu muvozanat, balans. To‘p bilan o‘ynash, to‘psiz o‘ynash kerak. Ikkalasida ham balans bo‘lishi kerak. Agar siz faqat to‘p bilan chiroyli o‘ynash haqida o‘ylasangiz, masalan, "tiki-taka", Braziliya uslubiga o‘xshab... Lekin to‘pni yo‘qotganingizda harakat qilmasangiz, ichingizdagi to‘pni olishga chanqoqlikni, kurashni ko‘rsatmasangiz, juda qiyin bo‘ladi. Shuning uchun bizga balans kerak. Har bir o‘yin qiyin bo‘lishini tushunishimiz lozim. Agar biz g‘alaba qozonishni xohlasak, oxirgi soniyagacha kurashishimiz talab etiladi.
– Oldinda turgan rejalar?
– Mening asosiy maqsadim – jamoa o‘yinini rivojlantirish. Futbolchilarga o‘z tajribamni ulashish. Ular shuni tushunishlarini xohlayman. Biz ularga har kuni mashg‘ulotlar va o‘zaro muloqot orqali yordam berib boramiz. Bu yig‘inda men ko‘plab kamchiliklarni ko‘rdim. Xususan, futbolchilar to‘pni qabul qilish paytida kichik xatolarga yo‘l qo‘yishmoqda. Shu kabi kichik detallar o‘yinga ta’sir qiladi va o‘yinni qiyinlashtirib yuboradi. Agar biz kichik detallarni ham to‘g‘ri bajarsak, barchasi oson va qulay bo‘ladi.Futbol shunday o‘yinki, siz vaziyatlarni oldindan o‘qishni o‘rganishingiz kerak. Men futbolchilardan vaziyatni yaxshiroq o‘qishlarini xohlayman. Menga maydonda faqat o‘ynaydigan emas, o‘yinda nimadir sodir bo‘lmoqda, uni doimiy kuzatib, maydonni skaner qilib, to‘pni qabul qilishdan oldin keyingi harakatiga tayyor turadigan futbolchilar yoqadi. Futbolchi har doim o‘yinda, ya’ni uning ichida bo‘lishi kerak. Chunki vaziyat har soniyada o‘zgarishi mumkin. Mana shu kabi detallar ustida ishlash va ularni futbolchilarga yetkazish muhim hisoblanadi.Oldimizda katta musobaqa – mundial turibdi. Jahon chempionati davomida barcha muxlislar bizni kuzatib boradi. Chunki bu uzoq kutilgan turnir. Oldimizda tayyorgarlik uchun 3-4 oy vaqt bor. Hammaga rahmat. Jahon chempionatida ko‘rishguncha.
Manba: O‘FA matbuot xizmati
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!