Arteta Ezeni tanaffusda almashtirish sababini tushuntirdi

Londonning «Arsenal» jamoasi bosh murabbiyi Mikel Arteta «Brentford»ga qarshi o'yinda (1:1) yarim himoyachi Eberechi Ezeni tanaffusda almashtirish qarori ortidagi sabablarni izohladi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Uchrashuvning birinchi bo'limi unchalik sermazmun o'tmadi: «kanonirlar» darvoza tomon atigi bir marta zarba berdi. Ikkinchi bo'lim boshlanishi oldidan Eze maydonni tark etdi, uning o'rniga jamoa sardori Martin Edegor tushirildi.
Arteta «Brentford»ning yuqori bosimi fonida jamoaga boshqa uslubdagi futbolchi zarur bo'lganini ta'kidladi. Murabbiy fikricha, Edegor o'yinga juda yaxshi qo'shilib, tempni oshirdi va hujumdagi o'tkirlikni kuchaytirishga yordam berdi.
Shuningdek, Arteta Eze klubdagi ilk mavsumini o'tkazayotganini eslatib, ba'zi bahslarda unga moslashish qiyin kechishini aytdi. Uning so'zlariga ko'ra, ko'proq havo uzatmalari va yuqoridan o'ynashni yoqtiradigan raqiblarga qarshi kreativ hujumkor futbolchilar ko'pincha muammoga duch keladi.
«Arsenal»ning yagona golini 61-daqiqada Noni Madueke urdi. «Brentford» esa 71-daqiqada javob to'pini kiritib, hisobni tenglashtirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!