Arteta Arsenalga g'alaba uchun nimalar yetishmaganini aytdi

Londonning «Arsenal» klubi bosh murabbiyi Mikel Arteta APL doirasida «Brentford»ga qarshi o'yinda (1:1) nega uch ochko qo'lga kiritilmaganini izohladi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
«Kanonirlar» bu natija bilan «Manchester Siti»dan olti ochkolik ustunlikni yana tiklab olish imkoniyatini qo'ldan boy berdi. 61-daqiqada Noni Madueke turnir jadvalida peshqadam bo'lib turgan «Arsenal»ni hisobda oldinga olib chiqdi, biroq mezbonlar tez orada javob golini urib, o'yinni durangda yakunladi.
«Bu stadionda yutmoqchi bo'lsang, har ikkala jarima maydonida ham shafqatsizroq bo'lishing kerak. Bugun aynan shu jihat bizga yetishmadi», — dedi Arteta uchrashuvdan keyingi suhbatda.
«Arsenal» navbatdagi bahsini yakshanba kuni Angliya kubogida o'z maydonida «Uigan»ga qarshi o'tkazadi. Shundan uch kun o'tib esa APLning 27-turida safarda «Vulverhempton» bilan to'qnash keladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!