"Lids" – "Manchester Siti" bahsi uchun asosiy tarkib e’lon qilindi

Angliya Premer-ligasining 28-turida bugungi e’tiborli bellashuvlardan biri «Lids» hamda «Manchester Siti» o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Safarda maydonga tushadigan «shaharliklar» bu gal ham muhim uch ochko uchun kurash olib boradi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 22:30 da start oladi.
Bellashuv oldidan har ikki jamoaning asosiy tarkiblari e’lon qilindi. Tabiiyki, o‘zbekistonlik muxlislar eng avvalo «Manchester Siti» tarkibiga e’tibor qaratdi. Chunki O‘zbekiston milliy jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov bugungi o‘yin uchun qaydnomaga kiritilgan bo‘lsa-da, asosiy tarkibdan joy olmadi va bahsni zaxira o‘rindig‘idan boshlaydi.
«Manchester Siti» bugun quyidagi tarkibda maydonga tushadi: darvozada — Donnarumma. Himoya chizig‘ida Matheus Nunes, Ruben Diash, Mark Gehi va Rayan Ait-Nuri harakat qiladi. Markazda jamoa o‘yinini Rodri, sardorlik bog‘ichi bilan Bernardu Silva hamda Niko O’Rayli boshqarishi kutilmoqda. Hujum chizig‘ida esa Antuan Semeno, Rayan Sherki va Omar Marmushga ishonch bildirilgan.
Zaxirada esa hamon o‘yin taqdiriga ta’sir qila oladigan kuchli futbolchilar bor. Ular orasida Trafford, Reynders, Stouns, Ake, Dok-u, Niko Savino, Abduqodir Husanov va Foden kabi nomlar borligi «Siti»ning qo‘lida qo‘shimcha variantlar ko‘p ekanini ko‘rsatadi.

Mezbon «Lids» ham maydonga jiddiy tarkib bilan tushmoqda. Jamoa bellashuvni Darlou, Bogl, Gudmundsson, Rodon, Struyk, Jastin, Ampadu, Gruyev, Shtax, Aaronson va Kalvert-Lyuin bilan boshlaydi. Bu tarkibdan ko‘rinib turibdiki, «Lids» o‘z maydonida osonlikcha taslim bo‘lish niyatida emas.

Qisqasi, bugungi o‘yinda intriga yetarlicha. Bir tomonda — tarkibi yulduzlarga boy «Manchester Siti», ikkinchi tomonda — o‘z uyida kurashuvchan ruhda maydonga tushadigan «Lids». O‘zbekistonlik muxlislar uchun esa yana bir asosiy nuqta bor: Abduqodir Husanovning o‘yin davomida maydonga tushish-tushmasligi alohida qiziqish bilan kuzatiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!