Gvardiola "Lids"dan olingan g‘alabani hal qiluvchi palla deb baholadi

“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola APLning 28-turida “Lids” ustidan qozonilgan 1:0 hisobidagi safar g‘alabasidan keyin jamoasining sabrli o‘yini va to‘p nazoratini alohida ta’kidladi. Uning aytishicha, ko‘p uzatma qilish va o‘yin tempini nazoratga olish ana shunday og‘ir bellashuvlarda g‘alabaga olib keladi. “Siti” bu bahsda Antuan Semenoning birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalardagi goli evaziga uch ochkoni ilib ketgan edi.
Gvardiola “Lids”ga qarshi o‘yinni oson sinov sifatida qabul qilmadi. Aksincha, u Elland Rouddagi bahsni juda qiyin va bosimli uchrashuv deb baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mezbonlar o‘yin boshida ancha shiddatli harakat qildi, ammo “shaharliklar” keyinchalik o‘zlariga xos uslubga o‘tdi — to‘pni uzoq nazorat qildi, ko‘p pas berdi va shu orqali o‘yin muhitini o‘z tomoniga og‘dirdi.
Ispaniyalik mutaxassisning yana bir muhim fikri shundan iborat bo‘ldiki, chempionat endi hal qiluvchi bosqichga kirib bormoqda. U APLda hali 10 ta uchrashuv qolganini eslatib, aynan shu pallada bunday g‘alabalarning qadri ikki karra yuqori bo‘lishini aytdi. Bu gaplardan “Siti” endi har bir turni deyarli finaldek qabul qilayotgani yaqqol sezilib turibdi.
Bu muvaffaqiyat “Manchester Siti” uchun turnir jadvalida ham katta ahamiyat kasb etdi. Gvardiola shogirdlari ochkolarini 59 taga yetkazib, peshqadam “Arsenal” bilan farqni ikki ochkogacha qisqartirdi. Demak, chempionlik poygasi yanada qizib bormoqda va har bir minimal g‘alaba ham oltinga tenglashmoqda.
Endi “Siti”ni yana bir muhim sinov kutib turibdi. 4-martdan 5-martga o‘tar kechasi manchesterliklar o‘z maydonida “Nottinghem Forest”ni qabul qiladi. Shu ma’noda, “Lids” ustidan qozonilgan g‘alaba nafaqat natija, balki navbatdagi katta bahs oldidan ruhiy turtki ham bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!