Xavi Messining Barselonaga qaytishiga Laporta to'sqinlik qilganini aytdi

"Barselona" klubining sobiq bosh murabbiyi Xavi Ernandes kataloniyaliklar prezidenti Joan Laporta haqida shov-shuvli bayonot berdi. Uning so'zlariga ko'ra, 2023 yilda Lionel Messining klubga qaytishi deyarli hal bo'lgan, biroq Laporta shaxsan ushbu transferga veto qo'ygan. Xavi La Liga rahbariyati futbolchini ro'yxatdan o'tkazishga ruxsat bergan bo'lsa-da, prezident turli bahonalar bilan kelishuvni barbod qilganini ta'kidladi. Bu haqda goal.com xabar beradi.
Xavining aytishicha, u Messi bilan bir necha oy davomida muzokara olib borgan va futbolchi "Barselona"ga qaytishga juda qiziqqan. Murabbiy hatto Messining otasi Xorxe bilan ham gaplashib, bu transferni afsonaviy yakun sifatida ko'rgan. Biroq, Laporta Messining qaytishi unga qarshi urush ochilishiga olib kelishini aytib, transferni to'xtatib qo'ygan. Natijada, argentinalik yulduz "Inter Mayami" safiga o'tishga majbur bo'ldi.

Ushbu voqealar Xavi va Messi o'rtasidagi munosabatlarga ham salbiy ta'sir ko'rsatgan. Messi dastlab Xavini ham ushbu rejada ishtirok etgan deb o'ylagan, biroq keyinchalik vaziyat oydinlashgan. Xavi hozirda Messi hech qachon "Barselona"ga qaytmasligini, bunga sabab moliyaviy muammolar emas, balki aynan Laportaning istagi yo'qligi ekanini qo'shimcha qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!