Muhammad Saloh yosh yulduz Virtsni qanday qo'llab quvvatladi?

Angliyaning "Liverpul" klubi safida to'p surayotgan germaniyalik iqtidorli yarim himoyachi Florian Virts jamoaga moslashish davri qanchalik qiyin kechgani va bu borada unga kimlar yordam berganini ochiqladi. O'tgan yozda "Bayer" klubidan 125 million yevro evaziga transfer qilingan futbolchi dastlabki oylarda jiddiy bosim ostida qoldi. Angliya premer ligasining yuqori sur'atlari va muxlislarning katta talablari sababli yosh yulduz ko'plab tanqidlarga uchradi hamda uzoq vaqt davomida o'zining eng yaxshi o'yinini ko'rsata olmadi.
"Anfield Sector" nashriga bergan intervyusida Virts jamoa yetakchisi Muhammad Salohning o'rni beqiyos bo'lganini alohida ta'kidladi. Misrlik yulduz futbolchi o'z tajribasidan kelib chiqib, yosh hamkasbiga ruhiy madad berishga uringan. Saloh ham o'z vaqtida "Liverpul"ga yosh va qimmatbaho transfer sifatida kelganini eslatib, Virtsga bosimni yengish bo'yicha maslahatlar bergan. Uning so'zlariga ko'ra, Saloh doimiy ravishda suhbatlashish orqali uning maydonda va kiyinish xonasida o'zini erkin his qilishiga yordam bergan.
Hozirgi kunda 22 yoshli futbolchi asta-sekin o'z formasini tiklab bormoqda. Joriy mavsumda "Liverpul" libosida barcha musobaqalar doirasida 36 ta uchrashuvda maydonga tushgan Virts 6 ta gol urishga va 8 ta golli uzatmani amalga oshirishga muvaffaq bo'ldi. Garchi mavsum boshidagi qiyinchiliklar uning statistik ko'rsatkichlariga ta'sir qilgan bo'lsa-da, tajribali jamoadoshlarining ko'magi tufayli u jamoaning asosiy tarkibidan mustahkam o'rin egallash sari dadil qadam tashlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!