Gvardiola: Madriddagi yutqazish tarkib tanlovi bilan bog‘liq emas

Yevropa Chempionlar ligasining 1/8 final bosqichi birinchi uchrashuvida «Manchester Siti» futbolchilari Madridda «Real Madrid»ga 0:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Bu natija jamoa muxlislari va futbol ekspertlari orasida ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Ular ispaniyalik mutaxassis Xosep Gvardiolaning ayrim tarkib tanlovlari xato bo‘lganini ta’kidlashmoqda.
Tanqidchilarning fikriga ko‘ra, jamoaning himoya chizig‘ida Abduqodir Husanovni Vinisius Juniorni to‘xtatish uchun o‘ynash qarori oqilona emas edi. Shu bilan birga, Gvardiola bu qarordan afsuslanmasligini va maydonda jamoa yaxshi harakat qilganini bildirdi.
Ispaniyalik mutaxassis intervyuda shunday dedi:
- “Biz Madridda yutdikmi yoki yutqazdikmi? Yutqazdik, demak tarkib tanlovi yomon bo‘lgan. Ammo "Nyukasl" maydonida yutdikmi? Yutdik, demak tarkib yaxshi tanlangan. Liga Kubogi va Angliya Kubogida ham har safar jamoa uchun eng to‘g‘ri qarorlarni qabul qilamiz. Albatta, har uch kunda bir xil tarkib bilan o‘ynash imkonsiz. Sovrinlarni qo‘lga kiritish har bir o‘yinda asosiy ahamiyatga ega emas”.
Gvardiola shuningdek, Madriddagi o‘yinda jamoa birinchi bo‘limda juda yaxshi harakat qilganini, ammo hissiyotlarga berilib ketib, gol o‘tkazib yuborganini tan oldi. Ikkinchi bo‘limda ham yaxshi harakat qilganlarini ta’kidladi, lekin penalti belgilanishi natijaga ta’sir ko‘rsatdi.
Ispaniyalik mutaxassis ko‘p marta Chempionlar ligasi pley-off bosqichlarida yutqazganini, shu bois tanqidlar uni hayratga solmasligini aytdi va qarorlarini isbot qilish uchun o‘yindan keyin hech kimga qarshi fikr bildirmasligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, javob uchrashuvi 17-mart kuni bo‘lib o‘tadi va «Manchester Siti» mezbonlik qiladi. Gvardiola shogirdlari bu bahsda o‘z harakatlari orqali vaziyatni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olishiga ishonch bildirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!