“Manchester Siti”da mart oyi futbolchisi bo‘lish uchun qiziqarli kurash...

Angliyaning mashhur klublaridan biri – Manchester City rasmiy saytida mart oyining eng yaxshi futbolchisini aniqlash maqsadida maxsus so‘rovnoma eʼlon qilindi. Klub muxlislari bu safar uch nomzod – o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov, tezkor vinger Jeremi Doku hamda tayanch yarim himoyachi Rodri orasidan eng munosibini tanlash imkoniga ega bo‘ldi.
Klub matbuot xizmati vakili Devid Kleyton har bir nomzodning mart oyidagi o‘yiniga alohida to‘xtalib, ularning kuchli jihatlarini tahlil qildi.
Abduqodir Husanov – ishonch va barqarorlik timsoli
O‘zbekistonlik iqtidor egasi Abduqodir Husanov fevral oyida 22 yoshni qarshi olgan bo‘lsa-da, maydonda o‘zini ancha tajribali himoyachi kabi tutayotgani alohida eʼtiborga loyiq. U Premyer-ligadagi har bir o‘yinda ishonchli harakatlari bilan ajralib turib, himoya chizig‘ida mustahkam devorga aylanmoqda.
Husanovning eng katta ustunliklaridan biri — vaziyatni oldindan his qilish va to‘pni to‘g‘ri vaqtda tortib olish qobiliyati. U raqib hujumlarini o‘z vaqtida to‘xtatish, xavfli vaziyatlarni bartaraf etishda yuqori darajada harakat qilmoqda.
Shuningdek, uning tezligi alohida taʼkidlanmoqda. Jamoa so‘nggi vaqtlarda aynan shunday tezkor himoyachiga ehtiyoj sezayotgan edi. Ayniqsa, Kayl Uokerr ketganidan keyin bu jihat yana-da sezilarli bo‘lgandi.
Mart oyida Husanov Yevropaning kuchli hujumchilariga qarshi muvaffaqiyatli harakat qilib, o‘zini kelajagi porloq futbolchi sifatida yana bir bor namoyon etdi. U avval “Etixad” stadionida oy futbolchisi deb topilgandi. Endi esa u bu yutuqni yana takrorlash ostonasida turibdi.
Jeremi Doku – hujumdagi yoqimli xaos
Belgiyalik vinger Jeremi Doku ham mart oyida juda yorqin o‘yin namoyish etdi. U barcha olti uchrashuvda qatnashib, har bir o‘yinda raqib himoyachilari uchun jiddiy muammolar tug‘dirdi.
Ayniqsa, “Arsenal”ga qarshi Karabao kubogi finalida u o‘zining eng yaxshi sifatlarini ko‘rsata oldi. Shuningdek, “Real” himoyasiga qarshi o‘yinlarda ham uning tezligi va texnikasi katta xavf tug‘dirdi.
Doku — hech qachon ortga chekinmaydigan, doimo kurashadigan futbolchilar toifasidan. U qisqa vaqt ichida Yevropa futbolidagi eng xavfli va noqulay hujumchilardan biriga aylanib ulgurdi.
Rodri – jamoaning aql markazi
Ispaniyalik yarim himoyachi Rodri esa mart oyida o‘zining eng yaxshi formasiga qaytganini ko‘rsata oldi. U butun mavsum davomida bosqichma-bosqich o‘yinini yaxshilab, hozirgi paytda jamoaning asosiy “dvigateli”ga aylangan.
Rodri maydonda o‘yin tempini nazorat qiladi, jamoadoshlarini boshqaradi va muhim paytlarda to‘g‘ri qaror qabul qiladi. Ayniqsa, “Uembli” stadionida “Arsenal”ga qarshi o‘yinda u o‘zining yuqori darajasini namoyon etdi.
Uning sokinligi, bosim ostida ham xato qilmasligi va o‘yinni o‘qish qobiliyati jamoa uchun katta ahamiyat kasb etmoqda.
Qiziqarli final yaqinlashmoqda
Har uchala futbolchi ham mart oyida yuqori saviyada o‘yin namoyish etdi va ulardan qay biri sovrinni qo‘lga kiritishini oldindan aytish qiyin. Bu esa so‘rovnomaga yana-da qiziqish uyg‘otmoqda.
Ovoz berish jarayoni davom etmoqda va g‘olib nomi 1 aprel kuni Britaniya vaqti bilan soat 17:00 da maʼlum qilinadi.
Qisqasi, “Manchester Siti”da oy futbolchisi uchun kurash nafaqat jamoa ichida, balki muxlislar orasida ham katta qiziqish bilan kuzatilmoqda. Kim g‘olib bo‘lishidan qatʼi nazar, bir narsa aniq — jamoada raqobat yuqori va bu kelajak uchun faqat plyus.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!