“Atletiko” 18 yildan so‘ng «Kamp Nou»da g‘alaba qozondi

Yevropa Chempionlar ligasi chorak finali doirasida bo‘lib o‘tgan markaziy uchrashuvlardan birida “Atletiko” “Barselona”ni uning o‘z maydonida — «Kamp Nou» stadionida 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Bu natija nafaqat turnir nuqtai nazaridan, balki tarixiy jihatdan ham katta ahamiyat kasb etdi.
Gap shundaki, madridliklar 2006 yildan buyon kataloniyaliklar maydonida g‘alaba qozona olmayotgan edi. O‘sha paytda Ispaniya chempionati doirasida o‘tgan o‘yinda “Atletiko” 3:1 hisobida ustun kelgan va o‘sha bahsda klub afsonasi Fernando Torres dubl muallifi bo‘lgandi.
Shundan beri ikki jamoa «Kamp Nou»da jami 26 marta to‘qnash kelgan bo‘lib, ushbu davr mobaynida “Atletiko” biror marta ham g‘alaba qozona olmagan edi. Bu esa mazkur stadion madridliklar uchun «qiyin arena»ga aylanganini ko‘rsatib turardi.
Aytish joizki, 2024 yilda Diyego Simeone shogirdlari “Barselona” ustidan safarda g‘alaba qozongandi, ammo o‘sha o‘yin anʼanaviy «Kamp Nou»da emas, balki “Monjuik” stadionida bo‘lib o‘tgan edi. Shu sababli hozirgi g‘alaba “Atletiko” uchun haqiqiy psixologik to‘siqni yengish sifatida baholanmoqda.
Bu natija “Atletiko”ga nafaqat turnirda ustunlik, balki ishonch va ruhiy ko‘tarinkilik ham berdi. “Barselona” esa o‘z maydonidagi mag‘lubiyatdan xulosa chiqarib, javob o‘yinida vaziyatni o‘zgartirishga harakat qilishi kutilmoqda.
Endi asosiy intriga — “Barselona” revansh oladimi yoki “Atletiko” bu ustunlikni oxirigacha saqlab qoladimi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!