Rossiyalik sobiq futbolchi Husanovni jahon darajasidagi himoyachi dedi

Sobiq futbolchi Vladislav Radimov “Manchester Siti” hamda O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov haqida yuqori baholar bildirdi. Uning fikricha, yosh markaziy himoyachisiz hozirgi “Siti”ni tasavvur qilish qiyinlashib bormoqda.
Radimov O‘zbekiston terma jamoasining ikki o‘yinini kuzatganini aytib, futbolchining jamoaga taʼsirini aniq misollar bilan tushuntirdi. U birinchi uchrashuvda Husanov maydonda bo‘lmaganini, shu sababli himoya chizig‘ida jiddiy xatolar kuzatilganini taʼkidladi. Hatto raqiblar bir necha bor darvozaga xavfli vaziyatlar yaratib, gol urish imkoniyatiga yaqin kelgan.
Ikkinchi o‘yinda esa vaziyat keskin o‘zgargan. Husanov maydonga tushgach, himoyadagi tartib ancha mustahkamlangan, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yopilgan va umumiy o‘yin barqarorlashgan.
“U o‘zining tezkorligi va jismoniy jihatdan kuchliligi bilan ajralib turadi. Unda potensial juda katta. Taktik tomondan ham yana o‘sish imkoniyati bor. Menimcha, u hatto Din Xausen va Alessandro Bastonidan ham kuchli bo‘lishi mumkin”, — dedi Radimov.
Mutaxassisning bu fikrlari futbol jamoatchiligida katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Husanovning yosh bo‘lishiga qaramasdan, Yevropaning top darajadagi himoyachilari bilan taqqoslanayotgani uning salohiyati yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.
Futbol muxlislari esa uning kelajagi haqida turli fikr bildirmoqda — baʼzilar uning tez orada dunyo top-klublaridan birida yetakchiga aylanishini aytsa, boshqalar hali oldida katta sinovlar borligini taʼkidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!