Gvardiola: "Biz yangi jamoa qurmoqdamiz va chempionlik uchun kurashamiz"

“Manchester Siti” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola joriy mavsum bo‘yicha dastlabki tahlillari bilan o‘rtoqlashdi. Uning aytishicha, jamoa hali o‘zining eng yuqori darajasidagi o‘yin uslubini to‘liq namoyon eta olmayapti.
Londonda “Chelsi”ga qarshi g‘alaba qozonilsa, “Siti” Premyer-liga jadvalida “Arsenal” bilan ochkolar farqini 6 ballgacha qisqartirishi mumkin. Keyingi turda esa manchesterliklar o‘z maydonida aynan “kanonirlar”ni qabul qiladi.
Gvardiola bu mavsumdagi barqarorlik yetishmasligini tarkibdagi katta o‘zgarishlar bilan bog‘ladi. Uning taʼkidlashicha, jamoa qayta shakllanish jarayonidan o‘tmoqda va bu vaqt talab qiladi.
— “Biz bu mavsumda kutilgan darajada o‘ynamayapmiz. Lekin tarkibimiz sezilarli o‘zgardi, ko‘plab yangi futbolchilar qo‘shildi. Biz kelajak jamoasini quryapmiz. Oldinda yana-da kuchli bo‘lamiz va chempionlik uchun kurashni davom ettiramiz”, — dedi Gvardiola matbuot anjumanida.
Shu bilan birga, OAVda Gvardiolaning kelajagi borasida turli mish-mishlar tarqalmoqda. Uning amaldagi shartnomasi keyingi mavsum yakuniga qadar amal qiladi, biroq kelasi yozda u lavozimni tark etishi mumkinligi ham aytilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!