“Navbahor” “Surxon”ni mag‘lub etib uchinchi o‘ringa ko‘tarildi

Superliganing 7-turi doirasida bo‘lib o‘tgan ilk uchrashuv muxlislar uchun qiziqarli va kurashlarga boy tarzda yakunlandi. Unda Temur Kapadze qo‘l ostidagi “Navbahor” jamoasi “Surxon”ga qarshi maydonga chiqib, ishonchli 2:0 hisobida g‘alaba qozondi va muhim 3 ochkoga ega bo‘ldi.
Uchrashuvning boshlanish qismida “Surxon” faol harakat qilib, dastlabki 15 daqiqada tashabbusni qo‘lga olishga urindi. Biroq keyinchalik namanganliklar o‘yinni nazoratga olib, bir qator xavfli hujumlar tashkil etdi.
26-daqiqada esa “Navbahor” hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. Jamoa yetakchilaridan biri Aleks Fernandes aniq zarbasi bilan raqib darvozasini ishg‘ol qildi va tablodagi vaziyatni o‘zgartirdi.
Ikkinchi bo‘limda ham “Navbahor” ustunlikni saqlab qoldi va 79-daqiqada hisobni ikki barobar oshirdi. Ruslanbek Jiyanovning chiroyli uzatmasidan so‘ng Vanya Ilich gol muallifiga aylandi va jamoaning g‘alabasini mustahkamladi.
Shu tariqa uchrashuv 2:0 hisobida yakunlandi va “Navbahor” muhim uch ochkoga ega bo‘ldi.
Superliga. 7-tur
Navbahor — Surxon 2:0
Gollar: Aleks Fernandes, 26; Vanya Ilich, 78.
Navbahor: O‘tkir Yusupov, Saidazamat Mirsaidov, Giorgi Jgerenaya, Umar Adhamzoda, Islombek Mamatqozin, Ruslanbek Jiyanov, Quvondiq Ro‘ziyev (Benjamin Teidi, 57), Shohruxbek Abdurahmonov (Diyor Xolmatov, 57), Aleks Fernandes, Vanya Ilich (Shohmalik Komilov, 83), Katulondi Kati (Muhammadali Usmonov, 57).
Surxon: Davron Merganov (Artyom Potapov, 45+3), Nodirxon Nematxonov, Behzod Shamsiyev, Javohir Jo‘rayev (Behruzjon Karimov, 46; Behruz Shaydulov, 66), Jamalidin Xodjaniyazov, Doston Tursunov, Behruz Shukurullayev, Sarvar Abduhamidov, Tornike Zebniauri (Humoyun Sherbo‘tayev, 46), Farruxjon Qodirov (Stefan Chinedu, 46), Richard Fraydey.
Maʼlumot o‘rnida, bu natijadan so‘ng “lochinlar” ochkolarini 15 taga yetkazib, turnir jadvalida 3-o‘ringa ko‘tarildi. Jamoa chempionlik poygasida o‘z o‘rnini mustahkamlab bormoqda.
“Surxon” esa bu o‘yindan keyin 8 ochko bilan 9-pog‘onada qolib ketdi va vaziyatni yaxshilash uchun keyingi turlarda samaraliroq o‘yin ko‘rsatishi kerak bo‘ladi.
Har ikki jamoa ham maydonda kurashchanlik namoyish etdi, biroq tajriba va realizatsiya “Navbahor” foydasiga hal qiluvchi omil bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!