Mourinyo “Tottenhem” madaniyatini keskin tanqid qildi

Portugaliya chempionatida “Benfika” jamoasini boshqarayotgan Joze Mourinyo o‘zining sobiq klubi “Tottenhem” haqida keskin va tanqidiy fikr bildirdi. Uning so‘zlari futbol muhitida katta muhokama uyg‘otdi.
Mourinyoning taʼkidlashicha, “Tottenhem”dan nimani kutish mumkinligi savol ostida, chunki klub finalga olib chiqqan yoki Yevropa kubogini qo‘lga kiritgan murabbiylarni ham tez-tez ishdan bo‘shatadi. U bu holatni barqarorlik yo‘qligi bilan izohladi.
— “Siz umuman ‘Tottenhem‘dan nimani kutyapsiz? Ular jamoani finalga olib chiqqan murabbiylarni ham, hatto Yevropa kubogini yutgan mutaxassisni ham ishdan bo‘shatishadi,” — dedi Joze Mourinyo.
Uning fikricha, bu klubda haqiqiy yirik jamoaga xos mentalitet shakllanmagan, aksincha g‘alaba ruhi niqobi ostida yashiringan yo‘qotishlar ko‘proq kuzatiladi. Doimiy murabbiy almashtirish esa barqaror natijaga olib kelmaydi.
— “Bu klubda hech qachon katta klub mentaliteti bo‘lmagan, ular ko‘proq g‘olib sifatida niqoblangan mag‘lublar guruhi,” — dedi u.
Mourinyo, shuningdek, eng muhim o‘yinlar oldidan murabbiylarni ishdan bo‘shatish va keyin natijalardan hayratga tushishni mantiqan noto‘g‘ri holat sifatida baholadi.
Uning fikricha, muammo har doim ham murabbiylarda emas, balki klub boshqaruvi va madaniyatida bo‘lishi mumkin. Barqaror tizim bo‘lmasa, natija ham bo‘lmaydi.
— “Bir payt kelib muammo murabbiylarda emas, balki klub madaniyati va rahbariyat qarorlarida ekani oydinlashadi,” — dedi Joze Mourinyo.
U so‘zini yakunida isteʼdod xaraktersiz hech narsaga arzimasligini taʼkidladi va “Tottenhem”da bu ikki omil ham yetishmasligini aytib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, besh yil oldin Mourinyo Liga kubogi finaliga sanoqli kunlar qolganda ishdan bo‘shatilgan, keyin hal qiluvchi o‘yinda jamoa “Manchester Siti”ga 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!