Shifokorlar bemorning sog‘lom oyog‘ini adashib kesib tashladi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- AQSHning Ogayo shtatida 74 yoshli Sheron Jeks saraton tufayli o‘ng oyog‘ini amputatsiya qilish uchun murojaat qilgan, biroq jarrohlik vaqtida shifokorlar adashib chap sog‘lom oyog‘ini kesib tashlagani da’vo qilinmoqda.
- Operatsiyadan oldin to‘g‘ri oyoq belgilangan bo‘lsa-da, tibbiyot xodimlari xavfsizlik tartiblariga rioya qilmagani sababli bu xato yuz bergan.
- Natijada Jeks dastlab rejalashtirilgan o‘ng oyog‘idan ham ayrilib, ikki oyog‘idan ham mahrum bo‘lgan.
AQSHning Ogayo shtatida bemorning saraton bilan zararlangan oyog‘ini amputatsiya qilish rejalashtirilgan. Biroq jarrohlik vaqtida shifokorlar adashib uning sog‘lom oyog‘ini kesib tashlagani haqida da’vo qilinmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, 74 yoshli Sheron Jeks 2025 yil sentyabr oyida Mariyetta shahridagi «Selby General Hospital» shifoxonasiga o‘ng oyog‘ini tizzadan past qismidan amputatsiya qilish uchun murojaat qilgan. Operatsiya saraton tufayli rejalashtirilgan edi.
Biroq sudga taqdim etilgan da’vo arizasiga ko‘ra, jarrohlik jarayonida tibbiyot xodimlari o‘ng oyoq o‘rniga chap oyoqni amputatsiya qilgan. Jeksning advokati Bred Leynning ta’kidlashicha, operatsiyadan oldin shifokorlar to‘g‘ri oyoqni belgilab qo‘ygan bo‘lgan. Hatto amaliyotdan keyin ham belgi to‘g‘ri oyoqda saqlanib qolgani aytilmoqda.
Da’voda operatsiyadan oldin bemor xavfsizligini tekshirish uchun ikki marta maxsus «time-out» jarayoni o‘tkazilgani ham qayd etilgan. Bunday tekshiruvlar bemor, operatsiya turi va jarrohlik qilinadigan joyni qayta tasdiqlash uchun qo‘llanadi.
Keyinchalik Jeksga dastlab rejalashtirilgan o‘ng oyog‘ini ham amputatsiya qilishga to‘g‘ri kelgan. Shu sababli u ikki oyog‘idan ham ayrilgan.
Jeks va uning advokati shifoxona hamda operatsiyada ishtirok etgan tibbiyot xodimlariga qarshi sudga murojaat qilib, tovon puli talab qilmoqda. Da’voda jismoniy jarohat, doimiy nogironlik, ruhiy azob va boshqa zararlar qayd etilgan.
Shifoxona ma’muriyati esa voqeani «oldini olish mumkin bo‘lgan hodisa» deb atagan. Muassasa operatsiyada belgilangan xavfsizlik tartiblariga rioya qilinmaganini tan olgan va mas’ul xodimlar lavozimidan chetlatilganini bildirgan. Shuningdek, jarrohlik xodimlari qayta o‘qitilgani ma’lum qilingan.
Hozircha ish bo‘yicha yakuniy sud qarori chiqarilmagan.






























Izohlar 0
…