Avstraliyada ayolni boshqa bemor bilan adashtirib, noto‘g‘ri operatsiya qilishdi

Avstraliyada ayolni boshqa bemor bilan adashtirib, noto‘g‘ri operatsiya qilishdi

Avstraliyaning Melburn shahrida 69 yoshli ayol shifoxonada boshqa bemor bilan adashtirilib, unga mo‘ljallanmagan jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgani aytilmoqda. Hodisa yuzasidan rasmiy tekshiruv boshlangan.

Debra Byukenen 2026 yil 23 yanvar kuni Melburn g‘arbidagi Joan Kirner Women's and Children's Hospitalga kichik jarrohlik muolajasi uchun borgan. Uning maqsadi chanoq sohasidagi saraton bilan bog‘liq teri hosilasini olib tashlash bo‘lgan.

Biroq advokati ma’lum qilishicha, Byukenen operatsiyadan uyg‘onganida unga rejalashtirilgan muolaja emas, boshqa bemor uchun mo‘ljallangan jarrohlik amaliyoti bajarilganini bilgan. Natijada unda doimiy chandiq qolgani aytilmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, ayol operatsiyadan so‘ng aslida olib tashlanishi kerak bo‘lgan saratonli hosila saqlanib qolganini bilgan. Keyinchalik u dastlab rejalashtirilgan muolajani olish uchun yana operatsiyaga qaytishga majbur bo‘lgan.

Byukenenning advokati Errin Monsalve Firning aytishicha, hodisa bemor xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan bir qator nazorat choralari ishlamagani yoki bajarilmaganini ko‘rsatishi mumkin. U mijozi yetkazilgan zarar uchun tovon puli talab qilayotganini bildirgan.

Viktoriya shtati hukumati voqeani Safer Care Victoria tomonidan o‘rganilayotganini tasdiqlagan. Western Health esa bemorlarning maxfiyligi sababli alohida holatga izoh bera olmasligini, biroq tekshiruv jarayonida ochiq va shaffof yondashuvni ta’minlashini ma’lum qilgan.

Hozircha hodisa bo‘yicha yakuniy tekshiruv natijalari e’lon qilinmagan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar