“Real” Kamavinga bilan xayrlashish va sotishga tayyor

"Real Madrid" yarimhimoyachisi Eduardo Kamavinga atrofidagi vaziyat keskin o‘zgarishi mumkin. El Mundo nashri maʼlumotiga ko‘ra, Madrid klubi 23 yoshli futbolchini yozgi transfer oynasida sotishga tayyor turibdi.
Manbada qayd etilishicha, klub rahbariyati Kamavinganing o‘yinidagi barqarorsizlik va maydondagi baʼzi intizomiy holatlarni uzoq vaqtdan beri kuzatib kelmoqda. Shu omillar uning kelajagi bo‘yicha jiddiy savollar tug‘dirgan.
So‘nggi bor bu masala Chempionlar ligasi chorak finalida “Bavariya”ga qarshi kechgan 4:3 hisobidagi javob o‘yinidan keyin yana-da kuchaydi. Ushbu bahsda Kamavinga 86-daqiqada maydondan chetlatilgan edi.
Vaziyat Fransiyalik futbolchining Harri Keynga nisbatan qoidabuzarligi va keyinchalik to‘p bilan noto‘g‘ri harakati ortidan ikkinchi sariq kartochka olishi bilan yakunlangan. Bu epizod “Real” ichida ham turlicha muhokama qilingan.
Garchi klub rasman hakam qaroridan norozi bo‘lsa-da, manbalarga ko‘ra, asosiy eʼtibor aynan futbolchining xulq-atvori va bosim ostidagi reaksiyasiga qaratilgan. Rahbariyat bu holatni jiddiy signal sifatida baholamoqda.
Aytilishicha, “Real” Kamavingani sotish orqali katta mablag‘ jalb qilib, yangi transferlarni moliyalashtirishni rejalashtirmoqda. Bu esa yozda klubda jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!