Erling Xoland Bernardu Silvani eng aqlli futbolchi sifatida taʼrifladi

Angliyaning «Manchester Siti» jamoasi hujumchisi Erling Xoland jamoadoshi Bernardu Silvaning mavsum yakunida klubni tark etishi haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Avvalroq portugaliyalik mahoratli yarim himoyachi joriy mavsumdan so‘ng “shaharliklar” safidan ketishini rasman maʼlum qilgan edi. Bu xabar nafaqat muxlislar, balki jamoadoshlari orasida ham katta muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Erling Xoland Silvaning o‘yin uslubi va aqliy salohiyatiga alohida baho berdi. Uning taʼkidlashicha, Bernardu u birga maydonga tushgan futbolchilar orasida eng aqllilaridan biri hisoblanadi:
— Bernardu, ehtimol, men birga o‘ynagan eng aqlli futbolchi. Uning so‘nggi to‘qqiz yil davomida «Manchester Siti»da ko‘rsatgan o‘yinini baholasak, bu haqiqatan ham hayratlanarli darajada. U olti marta Premyer-liga chempioni bo‘ldi, Chempionlar ligasida zafar quchdi. Ayniqsa, trebl mavsumida uning jamoa uchun qay darajada muhim bo‘lganini unutmaslik kerak, — dedi norvegiyalik hujumchi Sky Sports News‘ga bergan intervyusida.
Xolandning fikricha, Silva so‘nggi yillar davomida klubning asosiy ustunlaridan biri bo‘lib kelgan. U nafaqat o‘yindagi harakatlari, balki jamoa shakllanishidagi taʼsiri bilan ham muhim figuraga aylangan.
Joriy mavsumda 31 yoshli yarim himoyachi barcha musobaqalar doirasida 44 ta uchrashuvda ishtirok etib, 3 ta gol va 5 ta samarali uzatmaga mualliflik qildi.
Ko‘rinib turibdiki, Bernardu Silvaning ketishi «Manchester Siti» uchun jiddiy yo‘qotish bo‘lishi mumkin. Endi esa jamoa uning o‘rnini kim bilan to‘ldirishi muxlislar uchun eng qiziq savollardan biriga aylanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!