Gvardiola: “Arsenal” ustidan g‘alaba umidni yana qaytardi

"Manchester Siti"ning "Arsenal" ustidan qozongan muhim g'alabasi jamoaning chempionlik umidlarini qayta jonlantirdi. Murabbiy Pep Gvardiola natijadan mamnunligini bildirdi, ammo chempionlik poygasi hali tugamaganini va jamoa hozircha peshqadam emasligini ta'kidladi. Uning so'zlariga ko'ra, "Siti" bosqichma-bosqich oldinga intilmoqda va mavsum oxirigacha kurashish imkoniyatiga ishonadi. "Arsenal"ga qarshi o'yin jamoaga katta ishonch va ruhiy ko'tarinkilik bag'ishlagan.
Angliya Premyer-ligasida “Manchester Siti”ning “Arsenal” ustidan qozongan muhim g‘alabasidan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Pep Gvardiola uchrashuv haqida o‘z mulohazalarini bildirdi. Ispaniyalik mutaxassis natijadan qoniqqanini yashirmadi, ammo hali chempionlik poygasida barcha masala hal bo‘lmaganini alohida taʼkidladi.
— Ha, bugungi natijadan mamnun bo‘lish mumkin. Lekin real holat shundayki, biz hozircha turnir jadvalida peshqadam emasmiz. Shuningdek, to‘plar farqi bo‘yicha ham ustunlik raqib tomonida, — dedi Gvardiola.
Uning taʼkidlashicha, jamoa bosqichma-bosqich oldinga harakat qilmoqda va chempionlik uchun kurashni davom ettirish imkoniyati saqlanib qolgan.
— Biz sekin-asta oldinga intilayapmiz. Mavsum oxirigacha kurashish imkoniyati bor va biz bunga ishonamiz. Hali ham o‘yin ichidamiz, — deya qo‘shimcha qildi u.
Gvardiola vaziyatni haddan tashqari ideallashtirmaslik kerakligini ham qayd etib, hozirgi holatni “zavqlanish” deb baholash to‘g‘ri emasligini aytdi.
— “Biz zavq olyapmiz” deyish unchalik to‘g‘ri emas, ammo vaziyatni yomon deb ham bo‘lmaydi. Eng asosiysi — umid saqlanib qolmoqda, — dedi murabbiy.
Uning fikricha, aynan “Arsenal”ga qarshi o‘yin jamoaga ishonch va ruhiy ko‘tarinkilik baxsh etgan.
— Bugungi bahs bizga aynan shu — ishonch va umidni berdi, — deya xulosa qildi Gvardiola.
Qisqasi, “Manchester Siti” hali chempionlik poygasidan chiqqanicha yo‘q. Gvardiola shogirdlari esa so‘nggi turlarga qadar intrigani saqlab qolishga bel bog‘lagan.






























Izohlar 0
…