PSJ Bernardu Silvani qo‘lga kiritishga yana jiddiy kirishdi

UYEFA Chempionlar ligasining amaldagi g‘olibi “Pari Sen-Jermen” yaqinlashib kelayotgan yoz transfer oynasi oldidan “Manchester Siti” yarim himoyachisi Bernardu Silvani qo‘lga kiritish uchun kurashga qo‘shildi. Portugaliyalik futbolchi atrofidagi vaziyat yana-da qizimoqda.
Manbalarga ko‘ra, Silvaning “Manchester Siti”dan ketishi deyarli aniq bo‘lib ulgurgan. Hozirgi bosqichda esa uning kelajagi bo‘yicha bir necha variantlar ko‘rib chiqilmoqda.
Futbolchiga eng yaqin yo‘nalishlardan biri sifatida “Benfika”ga qaytish ehtimoli tilga olinmoqda. Shu bilan birga, “Barselona” hamda keyinchalik PSJning qiziqishi vaziyatni butunlay o‘zgartirishi mumkin.
Parij klubi Silva uchun avval ham ikki marotaba jiddiy taklif bilan chiqqan. Xususan, 2023 yilning yozida fransuz grandi yarim himoyachi uchun 70 million yevro atrofida taklif bergan, biroq “Manchester Siti” bu taklifni rad etgan. Keyingi transfer oynasida ham PSJning urinishlari natija bermagan.
Endilikda esa vaziyat boshqacha. Bernardu Silva shartnoma muddati yakunlanishiga yaqinlashgani sabab erkin agentga aylanish imkoniyatiga ega. Shu bois, uning atrofidagi moliyaviy takliflar va bonus paketlari “Park de Prens”ni juda jozibali variantga aylantirmoqda.
Qisqasi, Silva transferi yozning eng qiziq mavzularidan biri bo‘lishi kutilmoqda va PSJ bu kurashda jiddiy ustunlikka erishishga harakat qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!