Patrik Viyeyra Premer-ligadagi chempionlik poygasi haqida gapirdi...

Patrik Viyeyra APL 33-tur markaziy uchrashuvidan keyin o‘z fikrlarini bildirib, chempionlik uchun kurashda vaziyat yana-da qiziy boshlaganini ochiq aytdi. Sobiq yarimhimoyachi London klubi Arsenal o‘yinini umuman yomon deb aytmadi, lekin hal qiluvchi daqiqalarda tajriba va sovuqqonlik yetishmayotganini alohida taʼkidladi.
Uchrashuvdan keyin turnir jadvalida intriga yana-da kuchaydi: Manchester City ikkinchi o‘rinni egallab turibdi va bitta o‘yini kam bo‘lgan holda peshqadam “to‘pchilar”dan faqat 3 ochko ortda qolmoqda. Bu esa chempionlik poygasini yana-da keskin va asabiy holatga olib kirmoqda.
Viyeyra fikricha, “Arsenal” maydonda yomon ko‘rinmadi, ammo buyuk jamoalar bilan oddiy kuchli jamoalar o‘rtasidagi farq aynan eng muhim vaziyatlarda namoyon bo‘ladi. Uning aytishicha, baʼzi jamoalar g‘alaba madaniyatiga ega, boshqalari esa bunday bosim ostida o‘zini yo‘qotib qo‘yishi mumkin. Bu farq bugun ham yaqqol sezilgan.
Sobiq futbolchi “Man Siti”ning asta-sekin o‘z formasini tiklab borayotganini alohida qayd etdi. Uning fikricha, bu jamoa mavsum oxirida har doim yuqori darajaga chiqishni biladi va aynan shu jihat ularni chempionlikka yaqinlashtiradi.
“Arsenal” uchun esa bu natija jiddiy psixologik zarba bo‘lishi mumkin. Viyeyra jamoa katta bosim ostida qolishini va keyingi o‘yinlarda ular qanday javob qaytarishi katta savol ekanini aytdi.
U avval ham London klubining psixologik barqarorligi haqida shubhalar bildirganini eslatib, bugungi holat ushbu fikrlarni yana-da kuchaytirganini yashirmadi. Uningcha, mavsum oxirida tajriba va sovuqqonlik hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
- "Men doim jamoaning psixologik kuchini savol ostiga qo‘yganman va bugungi natijadan keyin shubham yana-da ortdi. Menimcha, «Man Siti» o‘z maqsadiga erishadi", – dedi Viyeyra Sky Sports efirida.
Xulosa aniq: “Siti” tempni oshirmoqda, “Arsenal” esa bosim sinovidan o‘tmoqda. Chempionlik poygasida esa har bir kichik xato katta narxga tushishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!