Arbeloa: "Real" chempionlik uchun oxirigacha kurashni davom ettiradi

Madridning “Real” klubi bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa jamoaning joriy mavsumdagi chempionlik imkoniyatlari haqida oʻz fikrlarini bildirdi. Uning taʼkidlashicha, hali barcha imkoniyatlar saqlanib turibdi va jamoa oxirigacha taslim boʻlmaydi.
32-turdan soʻng “qaymoqranglilar” La Liga jadvalida ikkinchi oʻrinni egallab turibdi. Ular “Barselona”dan 6 ochko orqada, biroq kataloniyaliklarda bitta zaxira uchrashuvi mavjud. Bu esa poygani yanada qizdirib yubormoqda.
Arbeloa vaziyatga real baho berib, kurashni toʻxtatmaslik muhimligini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, jamoa har bir qolgan oʻyinni finaldek qabul qilishi kerak.
“Imkoniyat bor ekan, biz kurashni davom ettiramiz. Hech narsa nihoyaga yetgani yoʻq. Umid qilamanki, mavsum juda tez ham, juda kech ham yakunlanmaydi”, — dedi murabbiy.
Shu bilan birga u futbolchilardan maksimal talab qoʻyilishini taʼkidladi. Arbeloa fikricha, jamoa har bir uchrashuvda faqat gʻalaba uchun maydonga tushishi shart, raqib kim boʻlishidan qatʼi nazar.
“Qolgan barcha oʻyinlarda gʻalaba qozonish — yagona vazifa. Biz oʻzimizdan koʻproq narsa talab qilishimiz kerak”, — deya qoʻshimcha qildi u.
Hozirgi vaziyatda “Real” uchun har bir ochko hal qiluvchi ahamiyatga ega. Mavsum finali yaqinlashgan sari bosim ham, raqobat ham ortib bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!