Gvardiola Italiya termasiga yaqinlashmoqda, sensatsion ssenariy mumkin...

Gvardiola Italiya termasiga yaqinlashmoqda, sensatsion ssenariy mumkin...
Qisqacha

"Manchester City" bosh murabbiyi Xosep Gvardiola kelajakda Italiya milliy terma jamoasini boshqarishi mumkinligi haqidagi xabarlar futbol olamida katta qiziqish uyg'otmoqda. Mutaxassis avvalroq milliy jamoada ishlash istagini bildirgan edi, shu sababli "skuadra adzurra" varianti uning faoliyatidagi mantiqiy davom sifatida ko'rilmoqda. Gvardiolaning klub bilan shartnomasi 2027-yilgacha bo'lsa-da, u o'n yillik faoliyatidan so'ng yangi chorlovlar uchun jamoani ertaroq tark etishi taxmin qilinmoqda. Hozirda yuqori saviyali murabbiy izlayotgan Italiya futbol federatsiyasi uchun ushbu kelishuvning amalga oshishi xalqaro miqyosdagi ulkan voqeaga aylanishi mumkin.

Futbol olamida katta rezonans uygʻotgan xabarlardan biri — «Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiolaning kelajakda Italiya milliy jamoasini boshqarishi mumkinligi haqidagi maʼlumotlar boʻldi. Italiya matbuotiga tayangan holda tarqalayotgan xabarlarga koʻra, ispaniyalik mutaxassis «skuadra adzurra» taklifini rad etmasligi ehtimoldan yiroq emas.

Maʼlum qilinishicha, Gvardiola oʻz faoliyati davomida maʼlum bir bosqichda milliy jamoa bilan ishlash istagini bir necha bor ochiq aytgan. Shu jihatdan qaraganda, Italiya termasi varianti uning kelajak rejalaridagi mantiqiy qadam sifatida koʻrilmoqda.

Ayni paytda Gvardiolaning «Manchester Siti» bilan tuzilgan shartnomasi 2027 yil oʻrtalariga qadar amal qiladi. Biroq ommaviy axborot vositalarida uning yoz oylarida klubni tark etishi mumkinligi haqida ham turli taxminlar paydo boʻlgan. Ayrim manbalarga koʻra, u «shaharliklar» bilan toʻliq oʻn mavsum ishlaganidan soʻng yangi chaqiriq izlashi mumkin.

Eʼtiborlisi, Italiya terma jamoasi hozirda yangi murabbiy izlamoqda. Jamoa 2026 yilgi jahon chempionatiga yoʻllanma ola olmaganidan keyin Jennaro Gattuzo oʻz lavozimini tark etgan edi. Bu esa federatsiyani yangi, yuqori saviyali mutaxassis izlashga majbur qildi.

Qisqasi, Gvardiolaning Italiyaga kelishi hozircha rasman tasdiqlanmagan boʻlsa-da, bunday ssenariy futbol jamoatchiligida katta qiziqish uygʻotmoqda. Agar bu kelishuv amalga oshsa, bu nafaqat Italiya futboli, balki xalqaro maydon uchun ham katta voqeaga aylanishi mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar