"Bavariya" jamoasi "Mayns" ustidan 4:3 hisobida irodali g'alabaga erishdi

Germaniya Bundesligasining navbatdagi turida "Bavariya" safarda "Mayns" ustidan 4:3 hisobida irodali g'alabaga erishdi. Myunxenliklar uchrashuvning birinchi bo'limidan so'ng 0:3 hisobida mag'lub bo'layotgan edi. Mezbonlar safida Dominik Kor, Paul Nebel va Sheraldo Bekker tomonidan kiritilgan gollar mehmonlarni qiyin ahvolga solib qo'ydi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Jamoa yarim himoyachisi Leon Goretskaning so'zlariga ko'ra, tanaffusda bosh murabbiy Vinsent Kompani kiyinish xonasida futbolchilarga qattiq tanbeh bergan. «Tanaffusda biz haqiqiy dakkini eshitdik, shundan so'ng o'zimizni kuchli qiladigan jihatlarga e'tibor qaratdik», — dedi futbolchi. Kompani tarkibda rotatsiya amalga oshirib, Kane, Mussiala va Olis kabi yetakchilarni zaxirada qoldirgan edi.
Ikkinchi bo'limda maydonga tushgan yulduzlar o'yin taqdirini o'zgartirib yubordi. Nikolas Jekson hisobni qisqartirgan bo'lsa, Maykl Olis va Jamal Mussiala muvozanatni tikladi. Uchrashuv yakunida Harri Kane g'alaba golini kiritib, myunxenliklarning ajoyib kambekini ta'minladi. Bu g'alaba "Bavariya" uchun Yevropa Chempionlar ligasi yarim finali doirasidagi PSJga qarshi o'yin oldidan muhim ruhiy turtki bo'ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!