PSJ va "Bavariya" toʻqnashuvi: yarimfinalning haqiqiy finali

Yevropa futbolida eng katta sahnalardan biri — UEFA Chempionlar ligasi yarimfinalida haqiqiy gigantlar toʻqnash kelmoqda. Amaldagi chempion PSJ va Germaniya grandi "Bavariya" oʻrtasidagi bahs koʻpchilik tomonidan “erta final” sifatida baholanmoqda.
Ilk uchrashuv bugun, 28 aprel kuni Parijdagi Park de Prensda boʻlib oʻtadi. Javob oʻyini esa bir haftadan soʻng Myunxendagi Allianz Arenada tashkil etiladi. Ushbu juftlik gʻolibi finalda "Arsenal" yoki "Atletiko" Madridga qarshi maydonga tushadi.
Parijliklar tarkibiga nazar tashlasak, jamoa hujumda juda xavfli koʻrinish olgan. Usmon Dembele, Xvicha Kvaratsxeliya va Gonsalu Ramush kabi futbolchilar raqib himoyasi uchun jiddiy boshogʻriq boʻlishi aniq. Yarim himoyada esa Vitinya va Fabian Ruis oʻyinni nazorat qilishga harakat qiladi.
Himoya chizigʻida Markinos va Ashraf Hakimi kabi tajribali oʻyinchilar bor. Darvoza esa rossiyalik kiper Matvey Safonovga ishonib topshirilishi mumkin.

Shu bilan birga, jamoada ayrim jarohatlangan futbolchilar borligi aytilmoqda. Biroq bosh murabbiy Luis Enrike bu holatga xotirjam qaramoqda: “Hamma tayyor, savollar yoʻq”, — deya ishonch bildirgan.
“Bavariya” esa anʼanaviy tarzda tartibli, tezkor va bosimli oʻyini bilan xavfli. Nemis klubi katta oʻyinlarda tajribasi bilan ajralib turadi va har qanday raqib uchun jiddiy sinov hisoblanadi.
Qisqasi, bu juftlik nafaqat yarimfinal, balki butun turnir taqdirini hal qilishi mumkin boʻlgan toʻqnashuv. Parijdagi birinchi oʻyin esa barcha kartalarni ochib berishi mumkin. Muxlislar esa haqiqiy shouni kutmoqda.