«Real» Kenan Yildizni kelajak yulduzi sifatida kuzatmoqda

Madridning “Real” klubi yozgi transferlar oldidan yana bir yosh va iqtidorli futbolchini diqqat markaziga oldi. Ispaniya grandlari hozirda Turinning “Yuventus” jamoasida porlayotgan turkiyalik futbolchi Kenan Yildiz transferi bo‘yicha imkoniyatlarni o‘rganmoqda.
Italiyaning nufuzli Gazzetta dello Sport nashri ma’lumotiga ko‘ra, “qaymoqranglilar” 21 yoshli hujumkor futbolchini yozgi transfer oynasi uchun asosiy maqsadlardan biri sifatida ko‘rmoqda.
Ma’lum qilinishicha, “Real” prezidenti Florentino Peres klubning bu mavsumdagi ayrim omadsiz natijalaridan keyin tarkibni yanada kuchaytirishga qaror qilgan.
Ayniqsa, La Liga va Chempionlar ligasida kutilgan natijalar qayd etilmagani madridliklar rahbariyatini yangi va iqtidorli futbolchilarni izlashga undagan.
Kenan Yildiz esa hozir Yevropadagi eng istiqbolli yosh futbolchilardan biri sifatida baholanmoqda. Turkiyalik futbolchi texnikasi, tezkorligi, maydonni yaxshi ko‘ra bilishi va hujumdagi kreativ harakatlari bilan mutaxassislar e’tiborini tortib kelmoqda.
Avvalroq Angliyaning “Chelsi” klubi ham Yildizga jiddiy qiziqish bildirgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Biroq 2026 yil fevral oyida futbolchi “Yuventus” bilan shartnomasini 2030 yil yozigacha uzaytirdi. Bu esa turinliklar uni jamoaning kelajak loyihasida muhim figura sifatida ko‘rayotganini anglatadi.
Shunga qaramay, “Real” futbolchi atrofidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etmoqda. Ispaniya klubi kelajak uchun kuchli va yosh tarkib shakllantirishni asosiy vazifalardan biri sifatida belgilagan.
Kenan Yildiz 2022 yildan buyon “Yuventus” sharafini himoya qilib kelmoqda. U Italiya klubiga Germaniyaning “Bavariya” akademiyasidan kelib qo‘shilgan edi.
Qisqa vaqt ichida turkiyalik iqtidor egasi nafaqat “Yuventus” muxlislari, balki butun Yevropa futboli mutaxassislari diqqatini o‘ziga jalb qilishga muvaffaq bo‘ldi.
Kuzatuvchilar fikricha, agar Yildiz shu sur’atda o‘sishda davom etsa, yaqin yillarda u Yevropa futbolidagi eng qimmat va talab yuqori bo‘lgan futbolchilardan biriga aylanishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!