Pep Gvardiola Manchester Siti bilan xayrlashmoqda

Pep Gvardiola joriy mavsum yakunida Manchester Siti bosh murabbiyligi lavozimini tark etishi kutilmoqda. Daily Mail nashrining xabar berishicha, ispaniyalik mutaxassis klub rahbariyati va homiylarni o‘z qarori haqida ogohlantirib bo‘lgan. Gvardiolaning amaldagi shartnomasi 2027-yilga qadar mo‘ljallangan bo‘lsa-da, u muddatidan avval jamoani tark etishga qaror qilgan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Klub rasmiy bayonotni yakshanba kuni, Angliya Premer-ligasining so‘nggi turida Aston Villa jamoasiga qarshi o‘yindan so‘ng e’lon qilishi kutilmoqda. Gvardiola 2016-yildan buyon Manchester Siti boshqaruvida bo‘lib, jamoa bilan olti bor chempionlikka erishgan va 2023-yilda Chempionlar ligasi bosh sovrinini qo‘lga kiritgan.
Hozirda klub rahbariyati yangi murabbiy izlash ishlarini boshlab yuborgan. Asosiy nomzodlar sifatida Enzo Mareska va Bavariya ustozi Vinsent Kompani tilga olinmoqda. Mareska klub tizimini yaxshi bilishi bilan ustunlikka ega bo‘lsa, Kompani futbolchilik davridagi xizmatlari tufayli muxlislar uchun qadrli nomzod hisoblanadi.
Gvardiolaning kelajagi borasida turli mish-mishlar tarqalmoqda. Mutaxassis avvalroq murabbiylik faoliyatida tanaffus qilmoqchi ekanligini aytgan bo‘lsa-da, Italiya terma jamoasini boshqarishi mumkinligi haqida ham xabarlar paydo bo‘ldi. Har qanday holatda ham, Manchester Siti uchun yangi davr boshlanishi aniq.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!