Termizda erto‘ladagi yashirin onlayn qimor bunkeri fosh etildi

Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida noqonuniy ravishda tavakkalchilikka asoslangan onlayn qimor o‘yinlarini tashkil etgan shaxs faoliyati fosh qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 5 iyul kuni mamlakat bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” profilaktik tadbirlari doirasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan maxsus tezkor tadbir amalga oshirilgan. Tekshiruvlar davomida Termiz shahrida yashovchi bir fuqaro o‘z yashash xonadonining yerto‘la qismida yashirin onlayn qimor bunkeri tashkil etgani aniqlangan.
Tezkor tadbir va tintuv ishlari jarayonida jinoyat joyidan 15 mingdan ortiq noqonuniy qimor biletlari, yutuq raqamlari tushirilgan materiallar, g‘oliblarni aniqlashda foydalanilgan maxsus o‘yin barabani, jarayonni boshqarish uchun ishlatilgan kompyuter texnikasi, mobil telefonlar hamda bir nechta bank plastik kartalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qimor o‘yinlari ishtirokchilariga biletlar onlayn tarzda sotilgan. Keyin esa g‘oliblar internet orqali efirga uzatiladigan maxsus baraban yordamida aniqlangan. Tashkilotchilar ishtirokchilarni jalb qilish maqsadida ularga pul mablag‘lari va avtomashina kabi qimmatbaho sovg‘alar yutish imkoniyatini va’da qilgan.
Hozirgi vaqtda ushbu holat yuzasidan qonunchilikka muvofiq tergovga qadar tekshiruv va protsessual harakatlar olib borilmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar qonunbuzarlikning barcha holatlariga huquqiy baho berish choralarini ko‘rmoqda.






























Izohlar 0
…