Bavariya yosh iqtidor va darvozabon masalasida yangi rejalar ustida ishlamoqda

Bavariya PSJ safidagi yosh iqtidor egasi Per Mungengeni o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda. L'Equipe nashrining xabar berishicha, Myunxen klubi fransuz jamoasining U19 tarkibida to‘p surayotgan 18 yoshli markaziy hujumchi bilan jiddiy qiziqmoqda. Futbolchi 2021-yilda PSJ akademiyasiga kelib qo‘shilgan va joriy yilning may oyida Liga 1 doirasidagi o‘yinda debyut qilgan edi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Biroq, Bavariyaning bu transferni amalga oshirish imkoniyatlari hozircha noaniq. Parijning boshqa bir klubi Paris FC ham yosh iqtidor egasiga da’vogarlik qilmoqda. Ayni damda Mungenge PSJ bilan professional shartnoma imzolashga yaqin turibdi va tomonlar o‘rtasida muzokaralar davom etmoqda.
Boshqa bir xabarga ko‘ra, Bavariya darvozaboni Aleksandr Nübelning kelajagi hamon mavhumligicha qolmoqda. Shtutgartdagi ijara muddati yakunlanayotgan posbonning Myunxen klubi rejalariga kirmasligi aniq bo‘lib ulgurdi. Klub rahbariyati uni 10–15 million yevro evaziga qo‘yib yuborishga tayyor.
Manuel Noyer va Sven Ulrayx bilan shartnomalar uzaytirilganidan so‘ng, Bavariya yangi mavsumni tajribali darvozabonlar bilan boshlashni maqsad qilgan. 2020-yilda Shalke 04 klubidan kelgan Nübel Myunxen jamoasi safida atigi to‘rtta rasmiy o‘yinda maydonga tushgan xolos.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!