Runi Gvardiola ingliz futbolini butunlay o‘zgartirganini aytdi

Angliya futboli afsonasi Ueyn Runi «Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiolaning Angliya futboliga ko‘rsatgan ta’siri haqida fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, ispaniyalik mutaxassis Premer-ligaga kirib kelganidan keyin nafaqat «Siti», balki butun ingliz futbolida o‘yin falsafasi o‘zgargan.
Avvalroq mavsum yakunida Pep Gvardiola «Manchester Siti»ni tark etishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Shu fon ortida Runi uning Angliyada qoldirgan merosi haqida gapirdi.
«Menimcha, u haqiqiy toza havo kabi kirib keldi. Pep — aqlbovar qilmas murabbiy va u ingliz futbolining qiyofasini butunlay o‘zgartirdi. So‘nggi 10-15 yil ichida xorijlik futbolchilar va murabbiylar ko‘paydi. Ammo aynan u kelib, deyarli butun tizimni, hattoki havaskor futbolni ham o‘zgartirdi», — dedi Runi.
Ueyn Runining fikricha, Gvardiolaning ta’siri faqat yuqori darajadagi klublar bilan cheklanib qolmadi. Uning uslubi bolalar futboligacha kirib bordi. Hozirda ko‘plab jamoalar hujumni darvozabondan qisqa paslar orqali boshlashga, himoyadan to‘pni xotirjam olib chiqishga harakat qilmoqda.
«U ingliz futbolining barcha jihatlariga ta’sir qildi. Jamoalar to‘pni darvozabondan qisqa uzatmalar bilan o‘ynay boshladi, bolalar futbolida ham himoyadan qisqa paslar orqali chiqish odatiy holga aylandi», — deya qo‘shimcha qildi Runi.
Gvardiola 2016 yildan buyon «Manchester Siti»ni boshqarib kelmoqda. Shu davr ichida u klubni Angliya va Yevropa futbolidagi eng kuchli jamoalardan biriga aylantirdi. Pep qo‘l ostida «Siti» to‘p nazorati, yuqori pressing, pozitsion hujum va jamoaviy harakat borasida yangi standart o‘rnatdi.
Uning davrida «Manchester Siti» ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritdi va Premer-ligada uzoq yillar davomida asosiy kuchlardan biri bo‘lib keldi. Ammo Runi ta’kidlaganidek, Gvardiolaning eng katta merosi faqat kuboklarda emas, balki futbolga bo‘lgan qarashni o‘zgartirganida.
Qisqasi, Ueyn Runi Pep Gvardiolani ingliz futboliga yangi nafas olib kirgan murabbiy sifatida baholadi. Pep keldi, paslar qisqardi, darvozabonlar ham “pleymeyker”ga aylandi, bolalar ham himoyadan o‘yin qurishni boshladi. Bu endi shunchaki murabbiylik emas — butun futbol madaniyatiga berilgan apdeyt.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!