Andijonda bir oilada besh egizak dunyoga keldi

Bugun, 6 iyul kuni Andijon shahridagi 2-sonli tug‘uruq majmuasida noyob voqea yuz berdi — bir yo‘la besh nafar chaqaloq dunyoga keldi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ona va chaqaloqlarning ahvoli yaxshi bo‘lib, ular malakali shifokorlar nazoratiga olingan.
Ona ko‘p homilalik tashxisi bilan qabul qilindi
Andijon shahrining Qayrag‘ochtosh mahallasida yashovchi Nargiza Bekjonova ko‘p homilalik tashxisi bilan tug‘uruq majmuasiga olib kelingan.
Unda muddatidan ilgari tug‘uruq belgilari kuzatilgani sababli kesarcha kesish amaliyoti o‘tkazilgan.
Tug‘uruq muvaffaqiyatli yakunlandi
Jarayon malakali akusher-ginekolog, neonatolog va reanimatologlar ishtirokida o‘tkazilgan.
Shifokorlarning sa’y-harakatlari natijasida uch nafar qiz va ikki nafar o‘g‘il chaqaloq dunyoga keldi.
Chaqaloqlarning vazni ma’lum qilindi
Besh egizakning tug‘ilgandagi vazni quyidagicha:
birinchi chaqaloq — qiz, 1450 gramm;
ikkinchi chaqaloq — o‘g‘il, 1605 gramm;
uchinchi chaqaloq — qiz, 1495 gramm;
to‘rtinchi chaqaloq — o‘g‘il, 1585 gramm;
beshinchi chaqaloq — qiz, 1205 gramm.
Ona va bolalar maxsus markazga o‘tkazildi
Ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida ona va chaqaloqlar Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Andijon viloyati filialiga o‘tkazilgan.
«Ayni paytda besh nafar egizak va ularning onasi malakali tibbiyot xodimlari nazoratida o‘zlarini yaxshi his etmoqda», — deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.
Bir kunda besh karra quvonch — bu voqea nafaqat oila, balki butun Andijon uchun unutilmas kunga aylandi.































Izohlar 0
…