Nonito Doner Naoya Inoueni to‘xtatishi mumkin bokschini aytdi

To‘rt vazn toifasida sobiq jahon chempioni Nonito Doner yapon boks yulduzi Naoya Inoueni mag‘lub eta oladigan sportchi haqida fikr bildirdi. Uning nazaricha, bu vazifani bajarishga texnik jihatdan Jessi Rodrigesning imkoniyati bor.
Donerning ta’kidlashicha, Rodriges uslub, harakatchanlik va ringdagi texnik mahorat borasida Inouega muammo tug‘dira oladigan bokschilardan biri hisoblanadi. Unda tezlik, kombinatsion ishlash, himoyadan hujumga o‘tish va raqibni noqulay vaziyatga tushirish kabi muhim ko‘nikmalar bor.
“Texnik mahorat va uslub jihatdan Jessi Rodriges Inoueni yenga oladi. Unda barcha kerakli ko‘nikmalar mavjud. Biroq uning kichik bo‘yi katta kamchiligi bo‘lishi mumkin. Chunki kichkina gabarit bilan Naoyadek raqibga qarshi harakat qilish qiyin”, — deya Donerning so‘zlarini keltiradi The Ring nashri.
Shu bilan birga, Doner Rodriges uchun asosiy muammo jismoniy o‘lchamlar bo‘lishi mumkinligini ham yashirmadi. Inoue kabi zarba kuchi yuqori, tezkor va ringda bosimni kuchaytirishni yaxshi biladigan raqibga qarshi kichik gabarit bilan harakat qilish oson emas.
Naoya Inoue hozirgi professional boksning eng xavfli va eng barqaror chempionlaridan biri sifatida e’tirof etiladi. U hali faoliyati davomida mag‘lubiyatga uchramagan. Yaponiyalik bokschi 33 ta jangning barchasida g‘alaba qozongan.
Jessi Rodriges ham professional ringda mag‘lubiyatsiz harakat qilmoqda. U 23 ta jang o‘tkazib, barchasida zafar quchgan. Ushbu g‘alabalarning 16 tasi muddatidan avval qo‘lga kiritilgan.
Qisqasi, Doner Inoueni yengish uchun faqat kuch emas, aql, texnika va mos uslub kerakligini aytmoqda. Uningcha, Rodrigesda shu imkoniyat bor. Ammo Inouega qarshi ringga chiqish — bu oddiy imtihon emas, boksdagi “boss fayt” desa ham bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!