Mark Bernal Hansi Flickdan minnatdor va Ispaniya termasidan chaqiruv kutmoqda

Barselona jamoasining yosh iqtidori Marc Bernal ogʻir jarohatdan soʻng oʻz sport formasini tiklashda yordam bergan murabbiy Hansi Flickga cheksiz minnatdorchilik bildirdi. 18 yoshli yarim himoyachi oʻzining La Liga yulduziga aylanishida germaniyalik mutaxassisning oʻrni beqiyos ekanini taʼkidlab, unga oʻz hayotidan qarzdor ekanini aytdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Bernal oʻtgan mavsumda tizzasidan olgan jiddiy jarohatini yengib oʻtib, Barselona safida 21 ta oʻyinda maydonga tushdi va uchta golda ishtirok etdi. Fevral oyidan boshlab Frenkie de Jongning yoʻqligida asosiy tarkibdan mustahkam joy olgan oʻsmir futbolchi, endilikda Ispaniya terma jamoasining asosiy tarkibiga chaqirilishidan umidvor.
Kataloniya radiosiga bergan intervyusida futbolchi yozgi taʼtil uchun rejalar tuzmayotganini maʼlum qildi. "Albatta, terma jamoada oʻynashni xohlayman, bu har bir futbolchi uchun eng oliy maqsad. Hozircha yoz uchun hech qanday reja qilganim yoʻq, dushanba kungi rasmiy eʼlonni kutyapman", — dedi Marc Bernal.
Shuningdek, yarim himoyachi jamoani tark etishi kutilayotgan Robert Lewandowski haqida ham toʻxtalib oʻtdi. U polshalik hujumchini klub afsonasi deb atab, ketma-ket qoʻlga kiritilgan chempionliklarda uning hissasi katta boʻlganini eʼtirof etdi. Bernal Chempionlar ligasi chorak finalida Atletiko Madrid jamoasidan uchralgan magʻlubiyatdan soʻng, kelasi mavsumda yanada katta gʻalabalarni koʻzlayotganini bildirdi.
Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuente dushanba kuni Jahon chempionati uchun yakuniy tarkibni eʼlon qiladi. Agar Bernal roʻyxatga kiritilsa, u "La Roxa" bilan birgalikda 2010-yildagi muvaffaqiyatni takrorlashga harakat qiladi. Ispanlar guruh bosqichida Kabo-Verde, Saudiya Arabistoni va Urugvay terma jamoalariga qarshi bahs olib boradilar.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!