Andrea Pirlo Mikel Arteta uslubini himoya qildi

Italiya futboli afsonasi Andrea Pirlo Mikel Arteta tomonidan Arsenal jamoasida shakllantirilgan taktik yondashuvni yuqori baholadi. Mutaxassisning fikricha, London klubi faqatgina standart vaziyatlar va qanotdan uzatmalarga tayanadigan jamoa emas, balki oʻziga xos oʻyin uslubiga ega boʻlgan kuchli kollektivdir. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Chempionlar ligasi finali oldidan Pari Sen-Jermen jamoasiga qarshi bahsga tayyorgarlik koʻrayotgan Arsenal tanqidlar nishonida qolgan edi. Baʼzi ekspertlar Artetaning oʻyinini haddan tashqari pragmatik va zerikarli deb atashgan boʻlsa-da, Milan va Yuventus sobiq yulduzi bu fikrlarga qoʻshilmasligini bildirdi.
"Menga bu uslub yoqadi, chunki hammasi faqat burchak toʻplari yoki jarima maydonchasi ichiga uzatmalardan iborat emas. Arteta bir necha yildan beri oʻzining maxsus oʻyin uslubini rivojlantirib kelmoqda. U har bir detalni sinchiklab oʻrganadi va juda iqtidorli murabbiy hisoblanadi. Angliya Premer-ligasida gʻolib chiqish va finalga yetib kelish — ulkan yutuq", — deya Pirloning soʻzlarini keltirmoqda Marca nashri.
Pirlo, shuningdek, Arsenal himoyasining mustahkamligini alohida taʼkidlab oʻtdi. Uning soʻzlariga koʻra, jamoaning ikki markaziy himoyachisi juda kuchli va bu butun tarkibga ishonch bagʻishlaydi. PSJ tarkibida individual mahorat evaziga oʻyin taqdirini hal qila oladigan futbolchilar koʻp boʻlsa-da, Arsenal jamoaviy birdamlik evaziga ustunlikka erishishi mumkin.
Mikel Arteta endi oʻz faoliyatidagi eng muhim uchrashuvlardan biriga tayyorgarlik koʻrmoqda. Budapeshtda boʻlib oʻtadigan final bahsida u Luis Enrique boshqaruvidagi PSJga qarshi taktik jang olib boradi. Bu uchrashuv London klubining Yevropa maydonlaridagi muvaffaqiyatini yakunlab berishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!