Geely va Renault superkarlar texnologiyasini ommaviy avtomobillarga olib kirmoqda

Geely va Renault Group oʻrtasidagi hamkorlikda tashkil etilgan Horse Powertrain kompaniyasi avtomobil sanoatida inqilobiy qadam tashladi. Kompaniya superkarlarga xos boʻlgan texnologiyadan foydalangan holda yangi turdagi gibrid quvvat qurilmasini taqdim etdi. Ushbu texnologiya avtomobillarning samaradorligini keskin oshirishga xizmat qiladi. Bu haqda Autocar.co.uk xabar beradi.
Yangi ishlanmaning asosiy oʻziga xosligi uning "axial-flux" (oʻq oqimli) elektr motoridir. Odatda zamonaviy elektromobil va gibridlar baraban shaklidagi motorlar bilan jihozlangan boʻlsa, Horse taklif etayotgan motor yassi, quymoqsimon shaklga ega. Bu dizayn motorni ancha ixcham va quvvatga boy qilish imkonini beradi.
Superkar texnologiyasi endi hamyonbop modellarda
Horse Powertrain maʼlumotlariga koʻra, yangi motor anʼanaviy analoglariga qaraganda 46 foizga qisqaroqdir. Bu esa uni avtomobilning tor joylariga, xususan, uzatmalar qutisiga osonlik bilan joylashtirish imkonini beradi. Shuningdek, u oʻzi bilan bir xil oʻlchamdagi oddiy motorlardan 63 foiz koʻproq quvvat ishlab chiqaradi va jami 141 ot kuchiga ega.Eʼtiborlisi shundaki, bunday turdagi motorlar bugungi kunda juda kamyob hisoblanib, asosan Ferrari 296 GTB, Lamborghini Revuelto kabi giperkarlarda yoki Mercedes-AMG ning eng yuqori modellarida qoʻllaniladi. Biroq Horse ushbu texnologiyadan tezlik uchun emas, balki joyni tejash va energiya samaradorligini oshirish maqsadida foydalanmoqda.
Metanol va masofani uzaytirish tizimi
Yangi "D20" deb nomlangan quvvat tizimi masofani uzaytiruvchi gibrid (range-extender) tamoyili asosida ishlaydi. Tizim tarkibidagi 2,0 litrli atmosfera dvigateli gʻildiraklarni aylantirmaydi, balki faqat elektr energiyasi ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. Eng qiziq jihati, ushbu dvigatel benzin emas, balki metanol yoqilgʻisida harakatlanadi.Kompaniya hisob-kitoblariga koʻra, 19,6 litr metanol yordamida 40 kW/soat quvvatga ega batareyani toʻliq quvvatlantirish mumkin. Metanol hozircha jahon bozorida keng tarqalmagan boʻlsa-da, Xitoyda ushbu yoqilgʻi turiga qiziqish juda yuqori. Geely allaqachon oʻzining taksi parklarida va poyga avtomobillarida metanoldan foydalanishni sinovdan oʻtkazmoqda.
Horse Powertrain rahbari Matias Giannini soʻzlariga koʻra, toʻliq elektromobillarga oʻtish davri hali uzoq. Shu sababli, kompaniya gibrid texnologiyalar orqali ekologiyaga zararni kamaytirishni oʻz oldiga maqsad qilgan. Ushbu yangi texnologiya yaqin kelajakda Geely va Renault modellarida paydo boʻlishi kutilmoqda.































Izohlar 0
…