Aleksandr Usik Sobiq Ittifoq boks maktabi muammosini aytdi

Ukrainalik bokschi Aleksandr Usik Sobiq Ittifoq boks maktabining professional ringdagi asosiy muammosi haqida fikr bildirdi. Uning ta’kidlashicha, havaskor va professional boks o‘rtasidagi farq faqat raundlar sonida emas, balki jang falsafasi va tayyorgarlik uslubida ham namoyon bo‘ladi.
Usikning aytishicha, Ukraina va Sobiq Ittifoq mamlakatlarida boks tarixi ko‘proq ochko yig‘ishga asoslangan. Havaskor boksda sportchi uch raund davomida ko‘proq aniq zarba berish, ochko to‘plash va hakamlar qarori orqali g‘alaba qozonishni o‘rganadi. Ammo professional ringda 12 raund davomida kuch, chidam, zarba salmog‘i va raqibni sindirish qobiliyati ham katta ahamiyat kasb etadi.
Bokschining fikricha, Amerika va Britaniya maktablarida jangchilar kuchli zarbalarga ko‘proq e’tibor qaratadi. Ular kamroq harakat qilishi mumkin, ammo har bir zarbani og‘ir va ta’sirli berishga intiladi. Usik buni “mushak — bu odat” degan fikr bilan izohlab, doim qattiq zarba urishga o‘rgangan bokschi vaqt o‘tishi bilan kuchli pancherga aylanishini ta’kidladi.
Usik Sobiq Ittifoq maktabi vakillari professional boksga moslashishi, faqat ochko yig‘ish uslubidan chiqib, zarba kuchi va uzoq masofali janglarga ham tayyor bo‘lishi kerakligini aytdi. Uning fikricha, bu jarayonda nafaqat bokschilar, balki murabbiylar ham o‘zini qayta tayyorlashi zarur. Chunki prof ringda eski sxema bilan uzoqqa borish qiyin — u yerda har bir raund alohida imtihon.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!