Arsenal va Fransiya terma jamoasi xavotirda: William Saliba jarrohlik stoliga yotishi mumkin

Fransiya terma jamoasi va Londonning Arsenal klubi himoyachisi William Saliba Jahon chempionati yarim finalida Ispaniyaga qarshi kechgan bahsda jiddiy jarohat oldi. Uchrashuv davomida maydonni tark etishga majbur boʻlgan futbolchining holati nafaqat terma jamoa, balki uning klubi uchun ham jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi kutilmoqda. 2:0 hisobida Ispaniya gʻalabasi bilan yakunlangan oʻyin fransuzlar uchun turnirdagi soʻnggi bahs boʻldi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Oʻyin davomida hech qanday toʻqnashuvsiz, toʻp bilan harakatlanayotgan bir paytda maydonga yiqilgan Saliba darhol almashtirishni soʻragan. Daily Mail nashrining xabar berishicha, himoyachi maydonni tark etayotib jamoadoshlariga "Belim tamom boʻldi, belim ketdi" deya murojaat qilgan. Uning oʻrniga maydonga Maxence Lacroix tushirildi, biroq bu oʻzgarish Fransiya mudofaasini qutqarib qola olmadi.
L'Equipe nashri tarqatgan maʼlumotlarga koʻra, futbolchi bir necha oydan beri belidagi surunkali ogʻriqlar bilan oʻynab kelayotgan edi. Endilikda vaziyat yanada murakkablashgani sababli, Saliba yangi mavsum oldidan jarrohlik amaliyotini oʻtashi zarurligi haqidagi taxminlar kuchaymoqda. Arsenal rahbariyati futbolchining sogʻligʻini avgust oyidagi muhim oʻyinlar oldidan diqqat bilan kuzatib bormoqda.
Surunkali jarohat va charchoq alomatlari
William Saliba oʻtgan mavsum davomida Arsenal safida barcha musobaqalarda 50 ta oʻyinda ishtirok etdi. Bunga Chempionlar ligasi finalidagi 120 daqiqalik ogʻir bahs ham qoʻshilgan. Futbolchining oʻzi ham Jahon chempionati guruh bosqichi vaqtida bergan intervyusida 100 foiz tayyor emasligini tan olgan edi. "Men bir necha oydan beri kichik ogʻriqlar bilan oʻynayapman. Chempionlar ligasi va Angliya Premer-ligasi muhimligi uchun tishimni tishimga qoʻyib harakat qildim", — degan edi himoyachi.Fransiya terma jamoasi bosh murabbiyi Didier Deschamps turnir oldidan Salibaning jismoniy holati haqidagi xavotirlarni rad etib, hammasi joyida ekanini aytgan edi. Biroq, futbolchining yarim finalda kutilmaganda safdan chiqishi murabbiyning qarorlari va futbolchining jismoniy imkoniyatlari chegarasiga yetgani haqidagi savollarni keltirib chiqardi. Endilikda futbolchi London qaytishi bilan keng qamrovli tibbiy koʻrikdan oʻtadi.
Agar jarrohlik amaliyoti tasdiqlansa, Arsenal jiddiy himoya inqiroziga yuz tutishi mumkin. Goal.com nashriga koʻra, Saliba 16-avgust kuni boʻlib oʻtadigan Angliya Superkubogi (Community Shield) bahsini oʻtkazib yuborishi deyarli aniq. Shuningdek, u Angliya Premer-ligasining dastlabki turlarida ham jamoasiga yordam bera olmasligi ehtimoli yuqori. Mikel Arteta shogirdlari uchun asosiy himoyachining yoʻqligi chempionlik poygasida katta yoʻqotish boʻlishi mumkin.






























Izohlar 0
…