Qarishni yengishga intilgan millionerda davolab bo‘lmaydigan kasallik aniqlandi

Qarish jarayonini ortga qaytarish g‘oyasi bilan tanilgan amerikalik IT-tadbirkor va millioner Brayan Jonson o‘zida davolab bo‘lmaydigan kasallik aniqlanganini ma’lum qildi. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqda yozib, shunga qaramay kasallikka qarshi kurashishini bildirgan. Bu haqda Meduza xabar berdi.
48 yoshli tadbirkorning aytishicha, unga autoimmun gastrit tashxisi qo‘yilgan. Bu surunkali kasallik bo‘lib, immun tizimi oshqozon shilliq qavatida tuz kislotasi ishlab chiqaruvchi hujayralarga hujum qiladi.
«Menda autoimmun kasallik bor. Oshqozonim o‘zini o‘zi yemirmoqda. Bu kasallik odamlarning 2–5 foizida uchraydi. Aslida bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin, chunki ko‘p hollarda hech qanday alomatsiz kechadi», — deb yozgan Jonson.
Uning ma’lum qilishicha, mazkur tashxis joriy yilning may oyida qo‘yilgan. Tadbirkor kasallikka yoshlik yillaridagi nosog‘lom ovqatlanish, fastfud va shirin gazli ichimliklarni ko‘p iste’mol qilgani, shuningdek, biznes faoliyati davomida kechirgan surunkali depressiya ham ta’sir qilgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Jonson 21 yoshida qalqonsimon bezning autoimmun gipotireozi aniqlanganini, uning fikricha, keyinchalik aynan shu xastalik autoimmun gastrit rivojlanishiga sabab bo‘lganini ta’kidladi. Uning aytishicha, kasallikning dastlabki belgilari 11 yil avval paydo bo‘lgan, ammo shifokorlar buni autoimmun xastalik bilan bog‘lamagan.
Mutaxassislarga ko‘ra, davolanmasa, kasallik oshqozon shilliq qavatining yemirilishiga, B12 vitamini tanqisligiga, xotira va kognitiv faoliyat bilan bog‘liq muammolarga, shuningdek, xavfli o‘smalar rivojlanishi xavfining ortishiga olib kelishi mumkin.

Hozirgi kunda autoimmun gastrit to‘liq davolab bo‘lmaydigan kasallik hisoblanadi. Zamonaviy tibbiyot faqat uning asoratlarini nazorat qilish va bemorning hayot sifatini yaxshilash imkonini beradi.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, Brayan Jonson har yili sog‘lig‘ini saqlash uchun 2 million dollar sarflaydi. Uning salomatligini 30 nafardan ortiq shifokor va mutaxassis kuzatib boradi. Millioner qat’iy parhezga amal qiladi, har kuni o‘nlab biologik faol qo‘shimchalar va dori vositalarini qabul qiladi, muntazam tibbiy tekshiruvlardan o‘tadi.

Shunga qaramay, Jonson taslim bo‘lmasligini aytdi. Uning fikricha, sun’iy intellekt, genetika va biotexnologiyalar jadal rivojlanayotgan bugungi kunda hech bir kasallikka «davolab bo‘lmaydi» degan tamg‘a qo‘yilmasligi kerak.






























Izohlar 0
…