Toshkent chekkasidagi zapravkada portlash: 3 kishi jarohatlandi

Toshkent chekkasidagi zapravkada portlash: 3 kishi jarohatlandi

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan avtomobillarga propan gaz to‘ldirish shoxobchasida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida 3 kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda "Solnechniy" mavzesi yaqinidagi yo‘lda yuz bergan kuchli portlash oqibatida atrof bir zumda yorishib ketgani, oradan ko‘p o‘tmay esa shoxobchada yong‘in boshlanganini ko‘rish mumkin. Hodisa guvohlari portlash ovozi uzoq masofadan ham eshitilganini aytmoqda.

Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 16 iyul kuni soat 22:46 da M-39 avtomobil yo‘li bo‘yida joylashgan propan gaz quyish shoxobchasidagi gaz saqlash sig‘imi hamda gaz tashishga mo‘ljallangan maxsus avtomobilda chaqnash sodir bo‘lgan. Shundan so‘ng yong‘in kelib chiqqan.

Voqea joyiga zudlik bilan yong‘in-qutqaruv ekipajlari va tez tibbiy yordam brigadalari yetib kelgan. Qutqaruvchilar tezkor harakatlari natijasida yong‘in 17 iyul kuni soat 00:04 da to‘liq o‘chirildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida 3 nafar fuqaro tan jarohati olgan. Ular shifoxonaga yetkazilib, shifokorlar nazoratiga olingan. Ayni paytda ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Hozirda portlash va yong‘inning kelib chiqish sabablari, shuningdek, yetkazilgan moddiy zarar miqdorini aniqlash yuzasidan tegishli idoralar tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar