Lionel Messi Argentina terma jamoasining jahon chempionligini himoya qilish imkoniyatlarini yuqori baholadi

Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi Islandiyaga qarshi oʻtkazilgan (3:0) soʻnggi tayyorgarlik oʻyinidan soʻng oʻz jamoasining jahon chempionligini himoya qilish imkoniyatlari haqida gapirdi. Inter Miami yulduzi ikkinchi boʻlimda zaxiradan maydonga tushib, gol urishga muvaffaq boʻldi va oʻz mamlakati uchun uzoq yillik xalqaro rekordni yangiladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Alabama shtatidagi "Jordan-Hare" stadionida boʻlib oʻtgan bahsning 70-daqiqasida maydonga tushgan Lionel Messi penaltini aniq amalga oshirib, hisobni yirik koʻrinishga keltirdi. Bu gol uning terma jamoa safidagi 117-goli boʻldi. Oʻyindan soʻng Messi oʻzining jismoniy holati haqida TyC Sports nashriga intervyu berdi: "Men maydonga tushishni intiqlik bilan kutayotgan edim. Oʻzimni ajoyib his qildim va jarohatdan keyingi qoʻrquvni yengib oʻtdim. Endi bizda ochilish oʻyiniga tayyorlanish uchun bir hafta vaqt bor", — dedi hujumchi.
38 yosh, 11 oy va 14 kunlik boʻlgan Lionel Messi rasman "Albiseleste" tarixidagi gol urgan eng yoshi katta futbolchiga aylandi. Avvalgi rekord 1957-yildan beri afsonaviy Angel Labrunaga tegishli edi. Shuningdek, Islandiyaga qarshi bahs Messining Argentina safidagi 199-rasmiy oʻyini boʻlib, u mamlakat tarixidagi eng koʻp oʻyin oʻtkazgan futbolchi maqomini yanada mustahkamladi.
Sardor jamoaning ruhiyati Qatardagi gʻalabadan soʻng ham oʻzgarmaganini taʼkidladi. Jazoirga qarshi guruh bosqichining ilk oʻyini oldidan u jamoaning gʻalabaga boʻlgan ishtiyoqi yuqori ekanini bildirdi: "Har doim musobaqa boshlanishida, ayniqsa Jahon chempionati oldidan juda hayajonlanaman. Bu guruh hech qachon muxlislarni uyaltirib qoʻymaydi. Biz har doim koʻprogʻini xohlaydigan gʻoliblar jamoasimiz", — deya qoʻshimcha qildi Lionel Messi.































Izohlar 0
…