Real Madrid Bernardo Silva uchun rasmiy taklif yubordi

Real Madrid jamoasi Manchester Siti bilan xayrlashgan Bernardo Silva uchun kurashda Barselona va Atletiko Madrid klublarini ortda qoldirib, peshqadamlikni qoʻlga oldi. Madridliklar portugaliyalik yulduzga rasmiy shartnoma taklifini yuborgani xabar qilinmoqda. Ushbu transferning asosiy tashabbuskori sifatida Santyago Bernabeuga bosh murabbiy sifatida qaytishi kutilayotgan Joze Mourinyo koʻrilmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Transfer insayderi Fabrizio Romano maʼlumotlariga koʻra, Real Madrid 31 yoshli yarim himoyachini erkin agent sifatida oʻz safiga qoʻshib olish boʻyicha muzokaralarni jadallashtirgan. Mourinyo oʻz vatandoshini jamoani qayta qurish loyihasining muhim boʻlagi deb hisoblamoqda. Bu holat uzoq vaqtdan beri futbolchi bilan kelishuvga erishganini daʼvo qilayotgan Barselona rejalarini jiddiy xavf ostiga qoʻydi.
Avvalroq, Bernardo Silva Camp Nouga oʻtish uchun maoshining kamayishiga ham rozi boʻlgani va Kataloniya klubi bilan ogʻzaki kelishuvga erishgani aytilgan edi. Biroq, Florentino Perez va Joze Mourinyo omili vaziyatni tubdan oʻzgartirib yubordi. Endilikda futbolchining agenti Jorge Mendes oʻz mijozi uchun eng maqbul loyihani tanlash ustida ish olib bormoqda.
Bernardo Silva Manchester Siti safida oʻtkazgan toʻqqiz yillik faoliyati davomida haqiqiy afsonaga aylandi. U Pep Guardiola qoʻl ostida 6 marta Angliya Premer-ligasi va Chempionlar ligasi gʻolibligini qoʻlga kiritib, jami 20 ta yirik sovringa ega chiqdi. Futbolchining oʻzi kelajagi borasida hali yakuniy qarorga kelmaganini va oʻzini qadrlaydigan jamoada oʻynashni istashini taʼkidlagan.






























Izohlar 0
…