Kris Uoddl: Garri Keyn Angliya terma jamoasida erkin harakat qilishi kerak

Angliya terma jamoasining sobiq yulduzi Kris Uoddl GOAL nashriga bergan intervyusida Garri Keyn atrofidagi bahs-munozaralarga toʻxtalib oʻtdi. Uoddling fikricha, rekordlarni yangilashda davom etayotgan hujumchi maydonda oʻzi xohlagan uslubda harakat qilish erkinligiga ega boʻlishi lozim. Garchi Keyn asosiy gol uruvchi boʻlsa-da, uning faqat jarima maydonchasi ichida qolishi shart emas. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Garri Keyn oʻz faoliyati davomida gol urish sanʼatini mukammal egalladi va Tottenxem tarixidagi eng yaxshi toʻpurarga aylandi. Hozirda uning Angliya terma jamoasi safidagi gollari soni 114 oʻyinda 79 taga yetdi. Agar u terma jamoa bilan yirik sovrin yuta olsa, futbol tarixidagi eng buyuk oʻyinchilardan biri maqomini mustahkamlaydi.
Keyn Bavariya safida sovrinsiz seriyasiga chek qoʻyib, ikki karra Bundesliga chempioniga aylandi. 2025-26-yilgi mavsumda u oʻz faoliyatidagi eng yaxshi natijani qayd etib, 61 ta gol urishga muvaffaq boʻldi. Shunisi eʼtiborliki, u bu gollarni nafaqat markaziy hujumchi, balki hujumlarni tashkil etishda ham faol ishtirok etgan holda amalga oshirdi.
Koʻpchilik mutaxassislar Angliya terma jamoasida ijodkor futbolchilar koʻpligini roʻkach qilib, Keyndan faqat hujum yakunida turishni talab qilishmoqda. Biroq Uoddl bunga qoʻshilmaydi. Uning taʼkidlashicha, Keyn hech qachon tezlikka tayanmagan, balki oʻyinni oʻqish qobiliyati bilan ajralib turgan. U ham 9-raqam, ham 10-raqam vazifasini birdek bajara oladigan noyob hujumchidir.






























Izohlar 0
…