Real Madrid Yan Diomande transferiga yaqinlashmoqda

Madridning Real klubi hujum chizigʻini kuchaytirish uchun 19 yoshli ivuarlik vinger Yan Diomandeni 132 million yevro evaziga oʻz safiga qoʻshib olishga yaqin turibdi. Ushbu transfer klub asosiy hujumchilaridan biri Rodrigo uzoq muddatga safdan chiqqani hamda Vinisius Junior kelajagi atrofidagi mish-mishlar fonida amalga oshirilmoqda.
Madridning Real klubi hujum chizigʻini kuchaytirish maqsadida RB Leyptsig jamoasining iqtidorli futbolchisi Yan Diomandeni oʻz safiga qoʻshib olishga jiddiy kirishdi. AS nashri xabar berishicha, Ispaniya grandi 19 yoshli ivuarlik vinger uchun 132 million yevro toʻlashga tayyor turibdi va transfer deyarli yakuniy bosqichga yetgan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Ushbu transfer shartnomasi jamoaning asosiy hujumchilaridan biri Rodrigo uzoq muddatga safdan chiqqani hamda Vinisius Junior kelajagi atrofidagi turli mish-mishlar fonida qirollik klubi uchun muhim qadam sifatida baholanmoqda. Yan Diomandening kelishi Kilian Mbappe bilan birgalikda jamoa hujum salohiyatini yanada oshirishi kutilmoqda.
Futbolchining oʻziga xos jihatlari
Leganes jamoasining sobiq sardori Gonsales oʻz intervyusida yosh futbolchining ilk mashgʻulotlardayoq jamoadoshlarini hayratda qoldirganini esga oldi. Uning soʻzlariga koʻra, Yan Diomandening chaqqonligi va texnik imkoniyatlari barchani lol qoldirgan.Gonsales futbolchining qanotdagi harakatlari himoyachilarni qiyin ahvoldan solganini taʼkidlab oʻtdi: «Uning ilk teginishiyoq boshqacha ekanini koʻrsatgandi. Chap qanotda bizni shunchaki aqdan ozdirgandi, yosh futbolchidan bunday oʻyinni hech qachon koʻrmagandim». Shuningdek, mutaxassis oʻyinchining tezlik va texnikani mukammal birlashtirganini eʼtirof etdi.
Lamin Yamal bilan solishtirish
Eng muhokamali mavzulardan biri – Yan Diomandening Barselona yulduzi Lamin Yamal bilan solishtirilishi boʻldi. Sobiq futbolchining fikricha, agar Yan Real Madrid safida oʻziga yetarlicha imkoniyat topsa, nafaqat Lamin Yamaldan qolishmaydi, balki undan ham oʻzib ketishi mumkin.«Lamin koʻproq barqarorlikka ega va buni uzoqroq vaqtdan beri isbotlab kelmoqda, ammo Yan ham ayni shu darajaga chiqa oladi. Uning salohiyati ulkan», – deydi Gonsales. Shu bilan birga, u yosh futbolchi uchun eng asosiy sinov bosimni qanday koʻtarishida boʻlishini eslatib oʻtdi.
Transfer rasmiylashsa, Yan Diomande nafaqat La Liga, balki butun Yevropa futbolining eng qiziqarli yosh yulduzlaridan biriga aylanishi shubhasiz.






























Izohlar 0
…